Jahon | 11:27 / 07.11.2025
2397
4 daqiqa o‘qiladi

Rigada 10 mingga yaqin kishi Istanbul konvensiyasidan chiqishga qarshi namoyish o‘tkazdi

Yirik miting Nosargāsim Māti Latviju shiori bilan o‘tdi, aksiyalar Tsesis, Liyepaya va Daugavpilsda ham o‘tkazildi. Politsiya Rigada ikki kishini qo‘lga oldi. Seym avval denonsatsiya uchun ovoz bergan, ammo prezident Rinkevichs qonunni qaytardi, masala 1 yilga kechiktirildi.

Foto: Alexander Welscher/dpa/picture alliance

Riga shahridagi Dom maydonida 6 noyabr kuni so‘nggi yillardagi eng yirik shahar namoyishlaridan biri bo‘lib o‘tdi. YeI Yevropa Kengashining ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish hamda unga qarshi kurashishga oid Konvensiyasini (Istanbul konvensiyasi) denonsatsiya qilishga qarshi mitingda, mahalliy politsiya ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 10 ming kishi qatnashdi.

Aksiya Nosargāsim Māti Latviju (“Latviya ona vatanimizni himoya qilaylik”) shiori ostida o‘tdi. Miting ishtirokchilari konvensiyadan chiqish uchun ovoz bergan muxolifat partiyalari vakillarini xiyonatda aybladi, “Qo‘lingdan kelganini qil — konvensiya g‘olib bo‘lishi shart!”, “Ayollarni kaltaklash — bizning qadriyat emas!” kabi shiorlar aytildi, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishga chaqiruvlar yozilgan plakatlar ko‘tarildi va qo‘shiqlar aytildi. Miting taxminan ikki uch soat davom etdi.

6 noyabr kechqurun shu kabi aksiyalar mamlakatning boshqa shaharlarida ham o‘tdi. Tsesisda taxminan 270 kishi, Liyepayada — taxminan 600, Daugavpilsda — 50–100 kishi yig‘ildi. Umuman, mitinglar tinch o‘tdi va hodisalar qayd etilmadi, biroq Rigada politsiya ikki kishini qo‘lga oldi: huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumoticha, birinchisi jamoat tartibini buzgan va politsiyaning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan, ikkinchisi aksiya ishtirokchisiga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llagan.

29 oktyabr kuni — konvensiyani denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunning ikkinchi va yakuniy o‘qilishi arafasida Rigada ommaviy mitinglar bo‘lib o‘tgan, unda taxminan 5 ming kishi qatnashgan edi. Keyingi kuni mamlakatning yakka palatali parlamenti — seym — deputati orasidagi munozaralar 12 soatdan ortiq davom etdi. Konvensiyadan chiqish tarafdorlari uning matni “an’anaviy oilaviy rollarni izdan chiqaradi”, deb baholadi. Xususan, “gender” va “gender identifikatsiya” tushunchalari ta’riflari latish an’analariga “begona” ekani, maktablar va davlat siyosati orqali “ideologiyani majburiy singdirishi” mumkinligi norozilik uyg‘otdi.

Denonsatsiyaga qarshi chiqqanlar esa raqiblarini “sharqqa qarashda” ayblab, “boshni AQSh tomon burish”ni taklif qildi. “Bilmaydiganlar uchun eslataman: AQSh prezidenti Donald Tramp woke madaniyatiga, genderizm va nazoratsiz migrant oqimlariga qarshi chiqqan. Shunda bu masala mutlaqo boshqacha yorug‘likda ko‘rinadi”, — dedi muxolifat deputati Linda Liyepinya.

Natijada Seym konvensiyadan chiqish uchun ovoz berdi. Biroq Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs tegishli qonunni imzolashdan bosh tortdi va qarorni qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan xatni deputatlarga yo‘lladi. Shu bilan birga, mamlakat qonunlariga ko‘ra, agar parlament a’zolari ushbu talabga rioya qilishdan bosh torsa, davlat rahbari ularning pozitsiyasiga ta’sir o‘tkaza olmaydi. 5 noyabr kuni esa masala bir yilga qoldirildi va shunday qilib uni keyingi chaqiriqdagi parlament ko‘rib chiqadigan bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid