Angliya: «Siti» «Liverpul»ni yakson qildi

«Manchester Siti» – «Liverpul» 3:0
Gollar: Holand, 29 (1:0). Gonsales, 45 (2:0). Doku, 63 (3:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Holand, 13’
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales, Foden, Bernardu Silva, Doku (Marmush, 74), Sherki (Savio, 53), Holand
«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Konate, Roberson (Kerkez, 56), Bredli (Gomes, 83), Makallister (Jons, 74), Gravenberh, Soboslai, Virs (Kiyeza, 83), Saloh, Ekitike (Gakpo, 56)
Ogohlantirishlar: Gonsales, 27. Bernardu Silva, 41 – Makallister, 36. Bredli, 52. Jons, 89. Soboslai, 90

«Siti» va «Liverpul» – so‘nggi o‘n yillikda APLning yangi klassikasiga aylangan. So‘nggi sakkiz mavsumdagi chempionlik titullari faqat shu ikki jamoa o‘rtasida taqsimlangan. Lekin bu mavsumda ular bir-birini emas, «Arsenal»ni quvmoqda. Shanba oqshomida londonliklar durang o‘ynab qo‘ygani «Etihad»dagi uchrashuvga qiziqishni yanada oshirdi.

«Liverpul» hafta o‘rtasida «Real»ga qarshi o‘ynagan va nomdor raqibga hech qanday imkon qoldirmagan tarkibni tushirdi. «Siti»da esa Chempionlar ligasidagi boshlang‘ich tarkib bilan solishtirganda uchta o‘zgarish bo‘ldi – Stounz, Savio hamda Reynders o‘rnini Diash, Silva va Sherki egalladi.

«Siti» o‘yinni mezbonlarga xos tarzda boshladi. Oldingi chiziqda odatdagi kabi Holand faollik ko‘rsatdi, Doku, Silva, Foden va Sherki esa unga vaziyatlar yaratib berishga harakat qilishdi. Shunday vaziyatlardan birini Doku yuzaga keltirdi, u himoyachilar xatosidan foydalanib, jarima maydoniga kirib bordi va penalti ishladi. Kavana videotakrordan keyin 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, ammo bu qaror bahsli edi. Bu vaziyatda belgiyalik vinger darvozabonga urilib yiqilganidan keyin ham to‘p mezbonlarda qoldi, hakam o‘yinni davom ettirishga qo‘yib berdi, Bernarduning ketma-ket zarbalari himoyachilar to‘sig‘idan o‘tmadi. Shundan keyin esa VAR xonasidagilar Kavanani monitor qarshisiga chaqirishdi va penalti belgilandi.

Nuqtaga yaqinlashgan Holand esa 11 metrdan zarba berishda adashdi. Lekin u keyinroq nisbatan murakkab vaziyatdan gol urdi. Ikkala holatda ham barcha savollarni Konatega qaratish mumkin. Birinchi holatda folni rasman darvozabon Mamardashvili ishlatgandi, ammo undan oldin aynan Konate to‘pni raqibga berib qo‘ygandi. Ikkinchi holatda esa fransiyalik himoyachi havoda to‘p uchun kurashni Holandga boy berdi.