Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Venesuela ziddiyati: Amerika aviatashuvchi guruhi Karib dengiziga yetib keldi
Foto: Getty Images
AQShning dunyodagi eng yangi va eng yirik «Jyerald Ford» aviatashuvchisi boshchiligidagi aviatashuvchilar guruhi Karib dengiziga yetib keldi. Bu haqda Amerika floti qo‘mondonligi ma’lum qildi. Guruhni ko‘chirishga buyruq bergan prezident Donald Tramp buni Venesueladan giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash doirasida amalga oshirayotganini aytgan.
Trampning bunday buyrug‘i haqida Pentagon 24 oktyabr kuni e’lon qilgandi. O‘sha paytda aviatashuvchilar guruhi Yevropa qirg‘oqlari yaqinida, Shimoliy dengiz hududida turgandi.
AQSh floti va aviatsiyasi bir necha oydan beri Karib dengizi va Tinch okeanida harakatlangan kichik kemalarga zarba bermoqda – AQSh rahbariyati ular giyohvand moddalar tashishda foydalanilganini iddao qiladi. Kamida 19 ta kemaga zarba berilgan, natijada kamida 76 kishi halok bo‘lgan.
Venesuela yetakchisi, so‘l sotsialist Nikolas Maduro va mamlakat rahbariyatining boshqa vakillari AQSh ularni hokimiyatdan chetlatish maqsadida sun’iy ravishda inqiroz yaratayotganini da’vo qilmoqda.
Amerika floti 11 noyabr kuni aviatashuvchilar guruhi AQSh Janubiy qo‘mondonligi mas’ul bo‘lgan zonaga (Karib dengizi va Lotin Amerikasi mamlakatlarini o‘z ichiga oladi) kirgani haqida xabar berdi.
«Jyerald Ford»da bir necha o‘nlab jangovar samolyotlar joylashtirilgan. Uning ekipaji uchuvchilar hamda samolyotlarga xizmat ko‘rsatuvchi texnik xodimlar bilan qo‘shib hisoblaganda 4,5 ming kishidan ortiq. Aviatashuvchiga bir necha raketali esminetslar hamda boshqa jangovar hamda ko‘makchi kemalar hamrohlik qiladi.
Pentagon matbuot kotibi Shon Parnellning aytishicha, aviatashuvchilar guruhining Karib dengiziga yetib kelishi AQShga narkotrafikni yaxshiroq kuzatish va to‘xtatish imkonini beradi.
Bungacha AQSh hukumati Venesuela yaqiniga katta miqdordagi harbiy kuchlarni jo‘natgan edi: qo‘shni Puerto-Rikoda 10 ta F-35 qiruvchi samolyoti joylashtirilgan, bundan tashqari, mintaqada allaqachon atom suvosti kemasi va sakkizta harbiy kema mavjud: uchta eskadra minatashuvchisi, kreyser, sohil qo‘riqlash kemasi hamda uchta desant tushiruvchi kema.
Yetib kelgan aviatashuvchilar guruhi bilan birgalikda ular o‘nlab yillar davomida Lotin Amerikasi qirg‘oqlarida kuzatilmagan guruhni tashkil etadi.
Zarbalar qit’aning boshqa tomonidan ham berilmoqda: shu hafta boshida AQSh Tinch okeanida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi kemalarga ikkita zarba berilgani va olti kishi halok bo‘lganini e’lon qildi.
Kater va barkaslarga berilgan bu zarbalar AQShning nafaqat Venesuela, balki qo‘shni Kolumbiya bilan munosabatlarida ham keskinlik ortishiga olib keldi. Bundan tashqari, mintaqada va undan tashqarida ko‘pchilik AQShni bu zarbalar bilan inson huquqlari va xalqaro huquqni buzayotganlikda ayblamoqda.
Noyabr oyi boshida Donald Tramp CBS telekompaniyasiga bergan intervyusida Venesuelaga zarba berishga tayyorlanayotgani haqidagi savolga shunday javob bergandi: «Men buni qilgan bo‘lardim, deyishga moyil emasman. Men [buni qilish yoki qilmasligimdan qat’i nazar] sizga Venesuela bilan nima qilmoqchi ekanimni aytmoqchi emasman».
Xuddi shu intervyuda Tramp «bu yo‘q qilingan kemalarning har biri giyohvand moddalar bilan 25 ming kishini o‘ldirishi va butun mamlakat bo‘ylab oilalarni yo‘q qilishi» mumkin bo‘lgani haqidagi da’vosini takrorlagan.
Mavzuga oid
08:52 / 04.12.2025
Tramp: Putin kelishuv tuzishni va «normal hayotga qaytishni» istayapti
15:57 / 03.12.2025
Maduroning imkoniyatlari tugadi. Uning Tramp bilan telefon muloqoti haqida nimalar ma’lum?
21:10 / 02.12.2025
Tramp 5 soatda ijtimoiy tarmoqda 160 dan ortiq post joyladi
01:11 / 01.12.2025