Argentinalik futbolchi navbatdagi intervyusida Barselonaga qaytishni istashi, Parijda o‘zini yaxshi his qila olmagani va milliy jamoadagi kelajagi haqida gapirdi.
«Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi Sport.es gazetasiga intervyu berdi. Suhbat nostalgiyaga boy bo‘lgan. Argentinalik futbolchi AQShda ishlari yaxshiligi, ammo «Barselona»ni juda sog‘inayotgani haqida gapirgan. Shuningdek, Krishtianu Ronaldu ortidan 2026 yilgi jahon chempionatidagi ishtiroki haqida to‘xtalgan.
«Barselonani qattiq sog‘indim»
Yakshanba kuni Messi kichik syurpriz qilib, kutilmaganda Ispaniyaga uchib keldi. U «Kamp Nou»ga kirdi va bir necha suratga tushdi. Uning kelishi darhol oqshomning eng ko‘p muhokama qilingan mavzusiga aylandi.

Leo shuni tan olgan: «Biz Barselonani juda sog‘indik, uydagilar bilan doim shahar haqidagi xotiralarni yodga olamiz, bu yerdagi hayot haqida gaplashamiz. Qaytishni orzu qilamiz».
38 yoshli futbolchi Ispaniya haqidagi har qanday yangilik unda sog‘inch hissini uyg‘otishini aytgan. Uning faoliyatidagi eng baxtli lahzalar ushbu klub bilan bog‘liq: Gvardiola bilan «sekstet» va Luis Enrike bilan Chempionlar ligasidagi g‘alaba.
Messi «Barselona»dan ketishidan norozi bo‘lgan – uning tasavvurida barchasi boshqacha kechishi kerak edi.
«Menda g‘alati tuyg‘u qolgan. Pandemiya tufayli so‘nggi mavsumimda muxlislar o‘ynashga to‘g‘ri kelgan. Men butun faoliyatimni o‘sha yerda o‘tkazdim, ammo ketishim orzumdagi kabi bo‘lmadi. Yevropadagi faoliyatimni aynan «Barselona»da yakunlayman, shundan keyingina AQShga ketaman, deb o‘ylagandim. Ammo barchasi boshqacha kechdi – xayrlashuv juda og‘ir bo‘ldi», – deya qayd etgan Messi.
U «Barselona»da o‘tgan damlar uchun taqdirdan rozi ekanini qo‘shimcha qilgan. Leo hozir ham ko‘k-anorranglilar o‘yinini kuzatishda davom etmoqda, tez-tez do‘stlari bilan o‘yinlarni muhokama qiladi.
«Parijda o‘zimni yaxshi his qilmadim»

«PSJ»da o‘tgan yillardan esa unda yoqimli xotiralar qolmagan – u bu yerda o‘zini «o‘z tarelkasida his qilmagan».










