Jahon | 11:31 / 13.11.2025
6350
10 daqiqa o‘qiladi

AQSh tarixidagi eng uzoq davom etgan shatdaun yakunlandi

Chorshanba kuni kechqurun Vakillar palatasi budjet loyihasi uchun ovoz berishdi, ko‘p o‘tmay u prezident Tramp tomonidan imzolandi. Federal hukumat faoliyati rekord darajadagi 43 kunlik uzilishdan keyin qayta tiklandi.

Foto: EPA/Shutterstock

Vaqtinchalik budjet chorshanba kuni kechqurun, Vakillar palatasining 222 nafar a’zosi loyihani qo‘llab-quvvatlaganidan ikki soat o‘tganida imzolash uchun prezident Donald Trampga kiritilgan. Uning ma’qullanishi uchun kongressmenlarning ko‘pchilik ovozi kifoya edi.

Bungacha budjet loyihasi AQSh Senatida ma’qullangandi.

Palataning hozirgi tarkibida respublikachilarda 219, demokratlarda 214 mandat bor (jami 433 o‘rin, ayni vaqtda ikki o‘rin bo‘sh turibdi). Bu holatda 217 ovoz ko‘pchilikni tashkil etish uchun yetarli bo‘ladi.

Ammo chorshanba kuni kechqurun zalda to‘rt nafar kongressmen yo‘q edi: uch respublikachi va bir demokrat. Bu esa budjet loyihasi qabul qilinishi uchun zarur bo‘lgan chegarani 215 ovozgacha qisqartirdi, natijada vazifa ortig‘i bilan uddalandi.

Bunga hujjatni nafaqat 216 nafar respublikachi, balki olti nafar demokrat ham qo‘llab-quvvatlagani evaziga erishildi. Shu bilan birga, Respublikachilar partiyasining ikki vakili 207 nafar demokrat bilan birgalikda loyiha uchun qarshi ovoz bergan.

Vaqtincha budjet prezident tomonidan imzolangach, hukumat o‘z ishini davom ettirdi va AQSh tarixidagi eng uzoq cho‘zilgan shatdaun yakunlandi. Oldingi rekord (35 kun) ham Tramp prezidentligi davrida, ammo uning birinchi muddatida o‘rnatilgandi.

Bu safar shatdaun 43 kun davom etdi. Respublikachilar va demokratlar o‘rtasidagi federal budjet bo‘yicha kelishmovchiliklar sabab taxminan 750 ming federal xizmatchi maoshsiz majburiy ta’tilga chiqarildi. Faqat muhim ta’minot tizimlari havo harakati dispetcherlik xizmati, politsiya, chegara qo‘riqlash va shoshilinch tibbiy yordam uchun istisno qilindi.

Axios nashri yozishicha, shatdaun sabab NATO ittifoqchilariga AQSh qurol-yarog‘ini yetkazib berish 5 mlrd dollardan (4,3 mlrd yevro) ziyod umumiy summa bo‘yicha kechiktirilgan.

Budjetni ko‘p sonli telekameralar qarshisida imzolagan Tramp shatdaun yakunlangan kunni «buyuk kun» deb atagan.

Foto: White House

Shatdaun yakunlanishi bilan nimalar o‘zgaradi?

Chorshanba kuni qabul qilingan loyiha federal hukumatga yana ikki oydan ko‘proq – 2026 yil 30 yanvargacha ishlash imkonini beradi.

Qabul qilingan budjet loyihasi barcha federal vazirlik va idoralarning 2026 yil 30 yanvargacha o‘z faoliyatini tiklashini kafolatlaydi, ularning moliyalashtirilishi ta’minlanadi. Reuters xabariga ko‘ra, ko‘plab davlat xizmatchilari 13 noyabr, payshanba kunidan ishga chiqishi kerakligi haqida allaqachon bildirishnoma olgan.

Bundan tashqari, bu shatdaundan kelib chiqqan ishdan bo‘shatish va federal xizmatchilarni qisqartirish to‘xtatilishini anglatadi.

Shatdaun tufayli ta’tilga chiqarilgan yoki haq to‘lamasdan ishlashga majbur bo‘lgan ishchilarga (masalan, aviadispetcherlarga) ilgari ish haqi kechiktirilgan sana bilan to‘langan.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, federal agentliklar va xizmatlarni normal ishlashga qaytarish uchun bir necha kun, ehtimol bir hafta kerak bo‘ladi.

Bu yil kuzda shatdaun tufayli to‘xtatilgan ba’zi dasturlar, jumladan, kambag‘allar uchun SNAP oziq-ovqat dasturi budjet loyihasi tomonidan keyingi moliya yili oxirigacha, ya’ni 2026 yil sentabr oyi oxirigacha moliyalashtiriladi. Agar bu vaqt ichida yangi shatdaun ro‘y beradigan bo‘lsa, bu ularga ta’sir qilmaydi.

Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson kongressmenlarni budjet qonun loyihasini qabul qilishga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi. Foto: Getty Images

Inqirozning mohiyati nimada?

Budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasi Vakillar palatasining asosiy qo‘mitasi tomonidan chorshanba kuni erta tongda yetti soat davom etgan yig‘ilishdan so‘ng ma’qullandi. Hujjat uchun sakkiz nafar kongressmen ovoz berdi, to‘rt nafari qarshi chiqdi.

Qo‘mitadagi respublikachilar demokratlarning tibbiy sug‘urta subsidiyalarini uzaytirishni taklif qilgan tuzatishlarini rad etishdi – bu ularning yangi budjet atrofidagi munozaradagi asosiy talabi edi.

Vakillar palatasining to‘liq tarkibdagi majlisi AQShning sharqiy sohili vaqti bilan soat 16:00 ga (Grinvich bo‘yicha soat 21:00) rejalashtirilgandi. Kongressmenlar bir soat davomida bahs-munozara olib borishi, shundan so‘ng hal qiluvchi ovoz berish jarayoni o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi.

Biroq, ma’ruzalar deyarli ikki soat davom etdi va palatadagi demokratik ozchilik yetakchisi Hakim Jyeffris hatto «sehrli daqiqa» deb ataladigan vaqtdan foydalandi, bu unga yakuniy ovoz berish arafasida cheklovsiz nutq so‘zlash imkonini beradi. Uning nutqi taxminan yarim soat davom etdi va u hukumat ishidan boshqa masalalarga ham to‘xtaldi.

AQSh siyosati faxriysi, demokrat Nensi Pelosi budjet loyihasiga qarshi ovoz berishga chaqirdi. U yaqinda Kongressga boshqa nomzodini qo‘ymasligini e’lon qilgandi. Foto: Elizabeth Frantz/REUTERS

Yig‘ilish arafasida Jyeffris Demokratik partiya vakillari nomidan taklif qilingan hujjatga qarshi kurashishga va’da bergandi.

«Biz, Vakillar palatasi demokratlari, respublikachilarning oddiy amerikaliklar uchun yashash narxini yanada oshirishga qaratilgan mas’uliyatsiz urinishiga qat’iyan qarshimiz», – degandi u CNN telekanaliga bergan intervyusida.

Jyeffris, shuningdek, dushanba kuni kechqurun budjet loyihasi bo‘yicha ovoz berishda respublikachilarni qo‘llab-quvvatlagan Senatdagi ayrim demokratlarning harakatlaridan hafsalasi pir bo‘lganini bildirdi.

Demokratlarning shatdaun paytidagi asosiy talabi 24 million amerikalik uchun tibbiy sug‘urtani yanada qulayroq qiladigan soliq imtiyozlarini uzaytirish to‘g‘risidagi qoidani qonunga kiritish edi.

Biroq respublikachilar birdamlikni saqlab qolishdi va yon berishdan bosh tortishdi, faqat dekabr oyida tibbiy sug‘urta subsidiyalarini uzaytirish bo‘yicha alohida ovoz berishga rozi bo‘lishdi. Ular bir necha hafta oldin shunday taklifni ilgari surishgan edi.

Shu bilan birga, tegishli chora Senat tomonidan ma’qullanishiga kafolat yo‘q, Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson esa soliq imtiyozlari masalasini quyi palatada ovozga qo‘yishini hali tasdiqlamadi.

Jonson 53 kun davomida Vakillar palatasida sessiya o‘tkazmadi va shu tariqa Senatda demokratlarga bosimni kuchaytirishga va shatdaunni to‘xtatish uchun murosaga kelishga harakat qildi.

Shatdaun yakunlari bo‘yicha kim yutdi va kim yutqazdi?

Chorshanba kungi ovoz berishdan oldin Vakillar palatasi spikeri sentabr oyida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda g‘alaba qozongan demokrat, Arizonadan yangi saylangan kongressmen Adilita Grixalvani qasamyod qildirdi. Uning lavozimiga kirishishi shatdaun tufayli kechiktirildi.

U qasamyod qabul qilganidan so‘ng, palatadagi demokratlar soni ortdi – 219 ovozga qarshi 214 ovoz. Natijada shunday vaziyat yuzaga keldiki, respublikachilar ovoz berishda partiyadoshlarining ikkitadan ortiq ovozini yo‘qotishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi, oxir-oqibat bu sodir bo‘lmadi.

Prognozlarga ko‘ra, ikkala partiya ham budjet inqirozidan siyosiy yo‘qotishlar bilan chiqadi.

So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, saylovchilar shatdaunda respublikachilarni biroz ko‘proq ayblashadi, shu bilan birga, demokratlar o‘rtasidagi ichki kelishmovchiliklar biroz kuchliroq bo‘lgan.

Budjet qabul qilinishi hukumatga ishni davom ettirish imkonini beradi, ammo tanaffus uchun deyarli vaqt bo‘lmaydi. Shatdaun tugagandan so‘ng, Kongressda hukumat ishi yana to‘xtatilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun atigi ikki oy vaqt qoladi, chunki qonun loyihasida ko‘zda tutilgan joriy moliyalashtirish muddati 30 yanvarda tugaydi.

Murosa yoki taslim bo‘lish? BBC’​​ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurker shatdaun tugashi demokratlar uchun nimani anglatishi haqida

Demokrat senatorlar Kongressda ozchilikni tashkil etganiga qaramay, hukumat ishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Ular respublikachilardan kam daromadli amerikaliklar uchun tibbiy sug‘urta bo‘yicha soliq imtiyozlarini uzaytirishga rozi bo‘lishni talab qilib, ultimatum qo‘yishdi – bunday imtiyozlar 2025 yil oxirida amal qilishni to‘xtatadi.

Ammo yakshanba kuni bir necha demokrat partiya pozitsiyasiga zid ravishda hukumat ishini qayta tiklash uchun ovoz berishganida, ular deyarli hech qanday javob ololmadi – faqatgina Senatda subsidiyalar bo‘yicha ovoz berish va’dasi berildi, ammo respublikachilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanish kafolatisiz va hatto Vakillar palatasida zarur ovoz berishsiz.

O‘shandan beri partiyaning so‘l qanoti a’zolari g‘azabda. Ular bu oy boshida bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlardagi muvaffaqiyat ustunlik ular tomonda ekanini ko‘rsatgan bo‘lsa ham, partiya taslim bo‘lganini his qilishmoqda. Ular shatdaunni to‘xtatish natijasida keltirilgan qurbonlar behuda ketganidan xavotirda.

Hatto Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom kabi mo‘’tadilroq demokratlar ham demokratlar federal hukumatni qayta tiklash uchun qilgan kelishuvni «achinarli» va «taslim bo‘lish» deb atashdi.

Nyusom 2028 yilgi saylovlarni maqsad qilgan prezidentlik ambitsiyalariga ega demokrat sifatida partiyadoshlar kayfiyatining yaxshi barometri bo‘lishi mumkin. Agar u panshaxani qo‘lga olishga tayyor bo‘lsa, bu Demokratik partiya yetakchilari uchun yomon alomat.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid