Jahon | 14:31 / 15.11.2025
1969
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh «Lukoyl»ga sanksiyalar bo‘yicha muhlatni uch haftaga uzaytirdi

«Lukoyl» o‘zining xorijdagi aktivlarini sotishga urinar ekan, AQSh Moliya vazirligi bunday bitimlarga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan sanksiyalarga oid muhlatni dekabr oyi o‘rtalarigacha uzaytirdi.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati xorijiy aktivlarini sotishga harakat qilayotgan Rossiya «Lukoyl» konserni uchun sanksiyalarga oid muhlatni yana uch haftaga uzaytirdi. Bu haqda 14 noyabr kuni e’lon qilingan AQSh Moliya vazirligi press-relizida ma’lum qilindi.

Mos ravishdagi bitimlarga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan cheklovlar 13 dekabrgacha kuchga kirmaydi. Shu sanagacha «Lukoyl»ga Rossiya tashqarisida joylashgan chakana yonilg‘i quyish shoxobchalari (YoQSh)ni xizmat ko‘rsatish, ekspluatatsiya qilish yoki tugatish bilan bog‘liq tranzaksiyalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, «Lukoyl» va «Rosneft» hamda ularning shu’ba kompaniyalari ishtirokidagi operatsiyalarga ham ruxsat etilgan, ular Kaspiy quvur konsorsiumi (KTK), «Tengizshevroyl» kompaniyasi va Qarachaganoq konlarini o‘zlashtirish loyihasi bilan bog‘liq bo‘lishi lozim. Lisenziya KTK, «Tengizshevroyl» va Qarachaganoq loyihasining operatsion faoliyatiga tegishli «barcha tranzaksiyalarga» ruxsat beradi, biroq KTK, «Tengizshevroyl» va Qarachaganoqdagi ulushlarni sotish yoki o‘tkazish bilan bog‘liq «hech qanday tranzaksiya» o‘tkazish imkonini bermaydi, deya ta’kidlanadi hujjatda.

AQSh Moliya vazirligi alohida litsenziya orqali «Lukoyl»ning Bolgariyadagi faoliyatini davom ettirishga ham ruxsat berdi. Gap, jumladan, Rossiya kompaniyasiga tegishli bo‘lgan va Bolgariya yonilg‘i bozorining taxminan 80 foizini ta’minlaydigan Burgasdagi «Neftoxim» NQZ hamda samolyotlar va kemalarga yonilg‘i quyish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar haqida ketmoqda. Ularning faoliyati 2026 yil 29 apreligacha sanksiyalardan ozod etiladi.

Xuddi shu kuni, 14 noyabrda, Buyuk Britaniya Moliyaviy sanksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha boshqarmasi «Lukoyl» Rossiya neft kompaniyasining Bolgariyadagi bo‘linmalari — Lukoil Bulgaria EOOD va Lukoil Neftochim Burgas AD bilan, sanksiyalarga qaramasdan, operatsiyalar o‘tkazishga imkon beradigan litsenziya muddatini 2026 yil 14 fevraligacha uzaytirdi.

Rossiya neft qazib chiqaruvchi kompaniyalari «Lukoyl» va «Rosneft», shuningdek, ularning 34 ta shu’ba kompaniyasi shu yil oktyabr oyida Ukrainaga qarshi Rossiyaning davom etayotgan urushi fonida Vashington va London sanksiyalari ostiga tushdi.

Shundan so‘ng «Lukoyl» o‘zining xorijiy aktivlarini sotishga qaror qildi. Ularni sotib olishga birinchi da’vogar sifatida Shveytsariya kompaniyasi Gunvor chiqqan, uning asoschilaridan biri — Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin shaxs Gennadiy Timchenko. AQSh bu bitimni to‘sib qo‘ydi va Ukrainadagi urush tugamaguncha kompaniyaga biznes bilan shug‘ullanish uchun litsenziya berishdan bosh tortdi, bunga Gunvor’ning Moskva bilan bog‘liqligi sabab sifatida ko‘rsatildi. Shundan so‘ng «Lukoyl» aktivlarni sotish uchun ko‘proq vaqt so‘rab, Vashingtonga murojaat qilgani haqida Reuters xabar bergan edi.

Ehtimoliy xaridorlardan biri sifatida agentlik Carlyle Amerika investitsiya kompaniyasi tilga oldi, u hozircha bitimni o‘rganishning «boshlang‘ich bosqichi»da ekani aytilgan.

Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, «Lukoyl» xalqaro bozorda eng keng faoliyatga ega Rossiya kompaniyasidir. U Yevropa hududida neftni qayta ishlash zavodlarida ulushlarga, shuningdek, Iroqdan to Qozog‘istongacha bo‘lgan neft konlarida katta ulushlarga ega. Mualliflar eslatishicha, uning brendi AQShdan boshlab Belgiya va Ruminiyagacha bo‘lgan hududdagi AYoQSh tarmoqlarida ham aks etgan.

Mavzuga oid