Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchilari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Prezidentlar Usmon Mushafi saqlanayotgan Qur’oni karim zalida bo‘ldi, boshqa zallarda esa Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan allomalar merosining yoritilishi, shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid eksponatlar bilan tanishdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan mintaqa mamlakatlari va Ozarbayjon prezidentlari O‘zbekiston prezidenti bilan birgalikda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida musulmon olamining bebaho ma’naviy durdonasi sanalgan Usmon Mushafi saqlanayotgan Qur’oni karim zaliga tashrif buyurdi.
Qur’onning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan ushbu nodir manba ulkan tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqa xalqlarining sivilizatsiyaviy o‘ziga xosligini shakllantirgan chambarchas ma’naviy rishtalarni ifoda etadi.


Yetakchilar, shuningdek, “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari bilan ham tanishdi.
Ularda buyuk allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulug‘ ulamolarning boy ilmiy va ma’naviy merosi keng yoritilgan. Ko‘rgazmada somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid qo‘lyozma nashrlar va ularning qadimgi o‘zbek tiliga tarjimalari ham bor.



Yetakchilar mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni ilgari surish va umumiy gumanitar qadriyatlarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Mintaqaning boy umumiy merosini saqlash va targ‘ib qilish borasidagi O‘zbekistonning keng ko‘lamli sa’y-harakatlariga yuqori baho berildi.


Mavzuga oid
12:12
Venada “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatidagi birinchi uchrashuv o‘tkazildi
21:09 / 04.12.2025
Birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti Tokioda o‘tkaziladi
16:03 / 04.12.2025
Markaziy Osiyo uchun beriladigan 12 mlrd yevroning asosiy qismi Trans-Kaspiy koridori uchun sarflanadi – YeI
22:57 / 03.12.2025