O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Netanyahu Falastin davlatiga qarshi

Isroilning muhim ittifoqchisi bo‘lgan AQSh hamda ko‘plab musulmon davlatlar G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlagan BMT rezolyutsiyasi loyihasini ma’qulladi. Unga ko‘ra, tinchlik jarayonlari oxir-oqibat Falastin davlatiga eltuvchi yo‘lni taklif qiladi.

AQSh prezidentining 20 banddan iborat rejasida buning uchun Falastin ma’muriyati ichida islohotlar amalga oshirilishi shartligi belgilangan.

Lekin aynan shu band — Falastin davlatiga qarshi bo‘lgan isroillik radikal, o‘ta o‘ng yetakchilarni g‘azablantirdi. Ular Tramp vositachiligidagi G‘azo culhiga ham qarshi bo‘lishgan edi.

Netanyahu sentabrda Oq uyga qilgan tashrifida Trampning rejasini qo‘llab-quvvatlagan, biroq yakshanbagacha Falastin davlati masalasida yangi bayonot bermagan.

Shanba kuni o‘ta o‘ng vazirlar Itamar Ben-Gvir va Bezalel Smotrich Netanyahuni Falastin davlati g‘oyasini qoralashga chaqirdi.

Shundan so‘ng, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu yakshanba kuni bayonot berib, «har qanday hududda Falastin davlatiga qarshiligi, Hamas – oson yoki qiyin yo‘l bilan qurolsizlantirilishi»ni aytdi. «Menga hech kimning tasdiqlari, tvitlari yoki ma’ruzalari kerak emas», dedi u.

G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish joriy yil 10 oktyabr kuni kuchga kirgan. Biroq shundan buyon Isroil bir necha bor sulhni buzib, yuzlab insonlarni o‘ldirdi.

Yaponiya o‘z hududiga Amerika yadro qurolini joylashtirmoqchi

Yaponiya bosh vaziri Sanaye Takaichi 1967 yilda qabul qilingan, yadro quroliga ega bo‘lmaslikka doir davlat siyosatining uchta tamoyilini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

Xususan, bosh vazir Yaponiyaga yadro qurolini olib kirishni taqiqlashdan voz kechishni taklif qilmoqda. Chunki bu AQShning mintaqada tiyib turuvchi salohiyatini zaiflashtiradi. Hozir Vashington yadroviy qurollarni Yaponiyadagi harbiy bazalarida va uning portlariga kiradigan kemalarida joylashtira olmaydi.