Butunjahon boks tashkiloti (WBO) bayonotida ta’kidlashicha, Usik «o‘z qarorini yaxshilab o‘ylab ko‘rgan va chempionlikdan voz kechish foydasiga tanlov qilgan». Bunday qadamning sababi oshkor etilmayapti.
WBO kamarini yo‘qotganiga qaramay, Usik joriy yil iyulida Londondagi «Uembli» stadionida Daniel Dyubuani mag‘lubiyatga uchratish evaziga qo‘lga kiritilgan WBA, WBC va IBF chempionlik kamarlari sohibi bo‘lib qolmoqda. O‘shanda u ikkinchi marta superog‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioniga aylangandi.
Usik 2021 yil sentabr oyida Entoni Joshuani mag‘lub etib, WBO yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan. O‘shandan beri u kamarni besh marta muvaffaqiyatli himoya qildi va har safar g‘alaba qozondi.
Bu vaqt oralig‘ida Usik Dyubua hamda britaniyalik yana bir bokschi Tayson Fyuri bilan ikki martadan jang o‘tkazib, o‘z avlodining eng og‘ir vazn toifasidagi eng muvaffaqiyatli vakillaridan biri sifatidagi maqomini mustahkamladi. 2024 yil mayida, Fyurini ikkinchi bor mag‘lub etganida, u barcha to‘rt versiya (WBO, WBA, WBC va IBF) bo‘yicha mutlaq jahon chempioniga aylangandi.
Besh hafta o‘tgach, u kamarni majburiy himoya qilishdan bosh tortib, o‘z ixtiyori bilan IBF kamaridan voz kechgandi. Biroq bu kamar hozircha uning ixtiyorida vaqtincha turibdi. Endi Usik WBO kamaridan ham voz kechdi – shuning uchun uning mutlaq chempionlik maqomini rasman yo‘qotdi.
Usik nima uchun tituldan voz kechgan?
WBO reglamentiga ko‘ra, Usikning keyingi raqibi yangi zelandiyalik Jozef Parker bo‘lishi kerak edi.
Ammo ukrainalik sportchi belidagi jarohati tufayli jangni keyinroqqa qoldirishni so‘ragan.
Shunda tashkilot Parkerga vaqtinchalik titul uchun britaniyalik Fabio Uordliga qarshi ringga chiqishga ruxsat bergan. Bu jangda kutilmaganda Parker mag‘lubiyati uchradi va vaqtincha chempionlik Uordliga o‘tdi.
Shundan keyin Usik yangi da’vogarga qarshi himoya jangini shu yil sentabr oyi oxirigacha o‘tkazishi kerak bo‘lib qoldi. Ammo bu dedlayn kechiktirildi, muzokaralar esa tiklanmadi.
Fabio Uordli kim va nima uchun u chempion bo‘ldi?

30 yoshli britaniyalik Uordli – noodatiy o‘tmishga ega bokschi. U boksga faqat 20 yoshida kelgan va olimpiya tizimidan emas, havaskor janglar orqali o‘tgan.











