Tashrif davomida Polsha qishloq xo‘jaligi va qishloqlarni rivojlantirish vaziri Stefan Krayevskiy boshchiligidagi biznes delegatsiyasi bilan G2B va B2B formatdagi uchrashuvlar tashkil etiladi.

O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi ishlab chiqqan dasturga ko‘ra, Stefan Krayevskiy va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abduraxmonov o‘rtasida uchrashuv tashkil etilishi rejalashtirilgan. Unda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama etiladi.

Delegatsiya a’zolari 26–28 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan "Agro Expo Uzbekistan" xalqaro ko‘rgazmasida Polsha milliy paviloni ochilishida ham ishtirok etadi. Ushbu xalqaro ko‘rgazmada Polshaning 19 ta yetakchi kompaniyasi qatnashishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Polsha vakillari dehqonchilik, chorvachilik, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, qand lavlagi va shakar ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha ham O‘zbekistondagi yetakchi korxona mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.