2025 yil yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 66,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 11,7 mlrd dollarga yoki 21,5 foizga ko‘p.

Bunda eksport hajmi 29 mlrd dollar (+27,8 foiz), import hajmi esa 37,5 mlrd dollar (+16,9 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 8,5 mlrd dollar.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (19,7 foiz), Rossiya (15,9) Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (2,2 foiz) bilan qayd etilgan.
Dastlabki 10 oylikda o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, yirik hamkor davlatlardan Janubiy Koreya (-13,3 foiz),Turkmaniston (-7,7 foiz), Yaponiya (-2,8 foiz) va Turkiya (-1,2 foiz) bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Qolgan 16 ta davlat bilan umumiy savdo hajmi sezilarli darajada ko‘paygan. Xususan, BAA (+98,8 foiz), Niderlandiya (+55,5 foiz), Afg‘oniston (+48,5 foiz) va Hindiston (+38 foiz) kabi davlatlar bilan umumiy savdo hajmida katta o‘sish qayd etilgan.
Eksport
Hisobot davrida 9,9 mlrd dollarlik (+49,4 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 34,1 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (10,9 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,2 foiz), kimyoviy vositalar (6 foiz), turli xil tayyor buyumlar (4,9 foiz) va mineral yoqilg‘ilar (4,3 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.

Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (12,6 foiz), XXR (5,6 foiz), Qozog‘iston (4,1 foiz), Afg‘oniston (4,1 foiz), Turkiya (3,2 foiz), Fransiya (2,7 foiz), BAA (2,1 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,7 foiz), Tojikiston (1,6 foiz) va Pokiston (1,1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 38,8 foizni tashkil etadi.

Yanvar-oktabr oylarida 568 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,1 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 541 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (+7,7 foiz), 129 mln dollarlik elektr toki (+58,7 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.










