Angliya: «Liverpul» chuqur inqirozda

«Liverpul» – «Nottinghem Forest» 0:3
Gollar: Murillo, 33 (0:1). Savona, 46 (0:2). Gibbs-Uayt, 78 (0:3)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Ekitike, 55), Kerkez (Roberson, 68), Soboslai, Gravenberh, Jons (Ngumoha, 78), Makallister, Gakpo, Saloh, Isak (Kiyeza, 68)
«Nottinghem Forest»: Sels, Murillo, Milenkovich, Uilyams, Savona, Sangare, Anderson, Gibbs-Uayt, Dominges (Hatchinson, 61), Ndoy (Yyeyts, 86), Igor Jyezus (Hadson-Odoi, 86)
Ogohlantirishlar: Gravenberh, 66. Kiyeza, 87

«Liverpul» cho‘kishda davom etmoqda. «Aston Villa» ustidan g‘alaba va YeChLda «Real» bilan ko‘rsatilgan namunali o‘yin ortidan ketma-ket yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar qayd etildi. O‘tgan turda «Manchester Siti»ga 0:3 hisobida yutqazgan Slot shogirdlari bu turda o‘z maydonida ham 3 ta javobsiz gol o‘tkazib yubordi. Holbuki raqib turnir jadvalining quyi qismidagi «Nottinghem» edi. Mersisaydliklar tarixida APLda qatorasiga ikki yirik mag‘lubiyat uzoq 1965 yilda ro‘y bergandi.

Mavsum boshidan buyon ikki bosh murabbiyni ishdan bo‘shatgan «o‘rmonchilar» Shon Daych kelgach, yana himoyaviy o‘ynashga o‘tdi, ammo bu safargi o‘yinda aynan himoyachilar hujumda faol bo‘lishdi. Birinchi bo‘limda Murillo standart vaziyatdan hisobni ochgandi, ikkinchi bo‘lim boshida Savona boshqa bir lateral Uilyamsning uzatmasini golga aylantirdi. Va faqat uchinchi gol «Nottinghem»ning eng hujumkor futbolchisi Gibbs-Uayt nomiga yozildi. «Liverpul» esa hujumda hech narsa o‘ylab topa olmadi, yozdagi eng qimmatbaho transferga aylangan Isak esa faqat klub uchun minusga ishlamoqda. U mersisaydliklar safida APLdagi dastlabki to‘rt o‘yinida ham yutqazgan ilk futbolchiga aylandi.

«Enfild»ga yig‘ilgan muxlislar o‘yin tugashini kutmasdan keta boshlashdi.

Mavsum boshidan buyon 12 turdan 6 tasida yutqazgan (APLda so‘nggi yetti o‘yindan olti mag‘lubiyat) amaldagi chempionlar endi turnir jadvalining ikkinchi qismiga tushib ketdi. Jamoa keyingi turda «Vest Hem» maydonida vaziyatni o‘nglashga harakat qiladi.

«Byornli» – «Chelsi» 0:2