Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh sudi FTB sobiq rahbari Jyeyms Komiga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi
AQSh federal sudyasi Kemeron Makgouen Karri FTB sobiq direktori Jyeyms Komi va Nyu-York shtati bosh prokurori Letitsiya Jyeymsga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni ko‘rib chiqishdan bosh tortdi. Ikkalasi ham o‘zini Donald Trampni tanqid qilgani uchun ta’qib qilishmoqda, deb kelayotgan edi.
AQShning Janubiy Karolina shtatidagi federal okrug sudi sudyasi Kemeron Makgouen Karri Amerika Qo‘shma Shtatlari Federal tergov byurosi (FTB) sobiq direktori Jyeyms Komi va Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jyeymsga qarshi qo‘yilgan ayblovlarni ko‘rib chiqishdan voz kechdi. Karri Komi va Jyeymsning AQSh Adliya vazirligining Virjiniya shtati Sharqiy okrugi bo‘yicha vaqtinchalik prokurori Lindsi Xelligan ularga ayblov qo‘yish vakolatiga ega emas, chunki u lavozimga noqonuniy tayinlangan, degan bayonotiga qo‘shildi va Xelligan bunday ayblov qo‘yish uchun huquqiy vakolatga ega bo‘lmagan, degan qaror chiqardi. Kemeron Makgouen Karrining qarori matni dushanba, 24 noyabr kuni sudning elektron bazasiga joylashtirildi.
2025 yil sentabr oyida Virjiniya shtati prokuraturasi Jyeyms Komiga yolg‘on ko‘rsatma berish va odil sudlovga to‘sqinlik qilish bo‘yicha ayblov qo‘ygan edi. Prokurorlar versiyasiga ko‘ra, 2020 yilda Jyeyms Komi AQSh Senati sud qo‘mitasi yig‘ilishida Donald Trampning saylovoldi shtabi va Rossiya o‘rtasidagi ehtimoliy aloqalar bo‘yicha FTB tekshiruvi haqida yolg‘on ko‘rsatma bergan.
Oktyabr oyida xuddi shu shtatda Trampni ochiq tanqid qilib kelgan Letitsiya Jyeymsga nisbatan ham ayblov qo‘yildi. Ham Jyeyms, ham Komi o‘zlarini aybsiz, deb hisoblaydi va ularga qo‘yilgan ayblovlarni Tramp tomonidan siyosiy qasos, deb atab kelayotgan edi.
Janubiy Karolinadan bo‘lgan sudya Karrining qarori hali yakuniy emas: Komi va Jyeymsga qarshi ayblovlar ishga «zarar yetkazmagan holda» rad etildi, ya’ni bu AQSh Adliya vazirligining boshqa prokurorlari kelajakda xuddi shu mazmundagi da’volarni qaytadan kiritishi mumkinligini anglatadi.