Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya shaharlari moliyaviy inqiroz yoqasida: umumiy budjet taqchilligi 30 milliard yevro
Germaniya shaharlari moliyaviy inqirozga yuz tutdi. Deyarli barcha shaharlar 2025 yilni budjet tanqisligi bilan yakunlaydi. Umumiy defitsit 30 milliard yevroga yetishi mumkin. Holatga soliq tushumlari kamayishi va ijtimoiy xarajatlar oshishi sabab sifatida keltirilyapti.
Foto: REUTERS
Germaniya hududlari jiddiy moliyaviy muammoga duch kelyapti, deya yozdi Focus nashri. 2025 yilni mamlakatning deyarli barcha shahri budjet taqchilligi bilan yakunlashi kutilyapti. Umumiy defitsit 30 milliard yevroga yetishi mumkin.
Shahar merlari bu holatga soliq tushumlarining kamayishi va ijtimoiy xarajatlarning oshishi sabab bo‘lganini keltirib o‘tgan. Sanoat tarmog‘idagi pasayish daromadlarni qisqartirgan. O‘z navbatida ijtimoiy yordam, uy-joy va qochqinlarni joylashtirish xarajatlari tobora ortib boryapti.
«Germaniyada deyarli har bir shahar bankrotlik yoqasida — hududi yoki siyosiy rahbariyatidan qat’i nazar», degan Essen meri Tomas Kufen.
Taqdim etilgan ma’lumotlar ham muammo ko‘lamini yaqqol ko‘rsatyapti. Eng katta taqchillik Berlin hissasiga to‘g‘ri keladi — 4,3 milliard yevro. Kyolnda bu ko‘rsatkich 600 million, Dyusseldorfda 400 million yevroni tashkil etmoqda. Agar vaziyat yana yomonlashsa, shaharlar yoshlar markazlari, muzeylar va boshqa davlat muassasalari moliyalashtirilishini qisqartirishga majbur bo‘lishi mumkin.
Germaniyaning eng ko‘p aholiga ega hududi — Shimoliy Reyn-Vestfaliyada 396 ta shahar va tumandan faqat 10 tasigina budjetni muvozanatda ushlab turishga muvaffaq bo‘lgan. Kufenning so‘zlariga ko‘ra, Essen 2025 yilni 1,7 million yevro profitsit bilan yakunlashni rejalashtirgan, ammo ayni paytda 123 million yevro taqchillik prognoz qilinyapti. U buni ijtimoiy xarajatlar keskin oshishi, davlat sektoridagi maqbullashtirilgan oyliklar va federal hamda hududiy hukumatlar yuklagan yangi majburiyatlar bilan izohlagan.
13 ta federal hududning shahar rahbarlari vaziyat bo‘yicha kansler Fridrix Mersga murojaat qilib, shoshilinch yordam so‘ragan. Mers muammoning jiddiyligini tan olgan bo‘lsa-da, hech qanday moliyaviy yordam yoki yengillik taklif qilmagan. Faqat “davlat mablag‘larini ehtiyotkorlik bilan sarflash”ga chaqirish bilan cheklangan.
Moliyaviy inqiroz faqat shaharlarnigina emas, balki butun Germaniya iqtisodiyotini ham qamrab olgan. 2025 yilning uchinchi choragida mamlakat YaIM o‘sishi to‘xtab qoldi. Retsessiyaning oldi olingan bo‘lsa-da, iqtisodchilar ogohlantirishyapti: AQSh tariflari va Xitoy bilan raqobat Germaniyaning eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlariga bosimni kuchaytiradi.
Mavzuga oid
10:23 / 28.07.2025
Germaniyada poyezd izdan chiqib ketdi, qurbonlar bor
19:17 / 19.03.2020
Bank of America AQShda iqtisodiy inqiroz boshlanganini e'lon qildi
20:57 / 21.10.2019
Livanda vazirlar va deputatlarning maoshi 50 foizga kamaytiriladi
23:33 / 13.09.2018