Undan ma’lum bo‘lishicha, Uitkoff Kremlga Putin Trampga nimalar deyishi kerakligi bo‘yicha maslahat bergan, Dmitriyev esa Moskvaning tinchlik rejasi bo‘yicha talablarini AQShga norasmiy ravishda yetkazgan.

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff oktyabr oyida RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha tinchlik kelishuvi ustida birgalikda ishlashni taklif qilgan. Bloomberg agentligi 25 noyabr kuni Uitkoff va Ushakov o‘rtasida 14 oktyabr kuni o‘tkazilgan telefon muloqotiga asoslangan katta material tayyorladi – keyin esa to‘liq rasshifrovka ham e’lon qilindi. Nashr bu yozuvni qayerdan olganiga aniqlik kiritmagan.

Besh daqiqadan ko‘proq vaqt davom etgan muloqot chog‘ida Uitkoff Ushakovga Rossiya prezidenti Vladimir Putinni chuqur hurmat qilishini bildirgan. Shuningdek, Donald Trampga Rossiya doim tinchlik kelishuviga intilishi haqida aytganini ma’lum qilgan. Uitkoff tinchlikka erishish uchun Donetsk, balki, «yana qandaydir hududlar almashinuvi» kerakligini tushunishini qayd etadi.

Shuningdek, Ushakov muloqot chog‘ida Uitkoffdan Tramp va Putinning qo‘ng‘iroqlashuvi qanchalik «foydali» bo‘lishi haqida so‘raydi. Uitkoff ijobiy ma’noda javob qaytaradi va Ushakovga bir qancha tavsiyalar beradi – u Putin Trampni G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishilgani bilan tabriklashini, Rossiya uni bu masalada qo‘llab-quvvatlashini hamda AQSh prezidentini tinchlik odami sifatida hurmat qilishini aytishni maslahat qilgan.

Bundan tashqari, Trampning maxsus vakili Oq uyga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kelayotganini aytib, Putin bu uchrashuvdan oldin Trampga qo‘ng‘iroq qilishini taklif qiladi. Quyida ushbu suhbatning to‘liq rasshifrovkasi keltiriladi.

Ushakov va Uitkoff muloqoti

 

Vladimir Putin va Kirill Dmitriyev Peterburgda Stiv Uitkoff (chapda) bilan uchrashuvda, 2025 yil 11 aprel. Putinning chap tomonidagi – Yuriy Ushakov
Vyacheslav Prokofev / RIA Novosti / Sputnik / AFP / Scanpix / LETA