Jahon | 12:32 / 28.11.2025
2944
5 daqiqa o‘qiladi

Putin: dekabr boshida Moskvaga AQSh delegatsiyasi keladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, “kelgusi haftaning boshida” Ukraina bo‘yicha Tramp rejasini muhokama qilish uchun Moskvaga AQSh delegatsiyasi keladi. Rossiya tomonidan muzokarachi sifatida uning yordamchilari Vladimir Medinskiy va Yuriy Ushakov ishtirok etadi.

Foto: AP

“Kelgusi haftaning boshida”, ya’ni dekabr oyining ilk kunlarida, muzokaralar uchun AQSh delegatsiyasi Moskvaga keladi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin 27 noyabr, payshanba kuni Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan muzokaralarda uning yordamchilari Vladimir Medinskiy va Yuriy Ushakov, shuningdek Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirok etadi.

Shu bilan bir vaqtda Kreml rahbari Moskva Ukraina bo‘yicha kelgusi kelishuvlar “asosiga” AQSh prezidenti Donald Tramp ma’qullagan, urushni to‘xtatishga qaratilgan 28 bandli rejani qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi va endi “buni huquqiy tilga ko‘chirish qolganini” ta’kidladi.

Tramp 25 noyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Putin bilan Moskvadagi uchrashuvga o‘zining maxsus vakili Stiven Uitkoffni yuborganini, Kiyevda Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv uchun esa Ukraina bo‘yicha muzokarachi etib tayinlagan general Den Driskollni jo‘natganini yozdi. “28 banddan iborat dastlabki tinchlik rejasi, AQSh tomonidan ishlab chiqilgan, ikki tomon qo‘shimcha takliflari asosida qayta ishlandi, va hozir unda ixtilof keltirib chiqarayotgan atigi bir necha band qoldi”, — deb yozdi Oq uy rahbari.

Shu kuni kechroq u jurnalistlarga Uitkoff Putin bilan ehtimol “kelgusi haftada” uchrashishini aytdi va u bilan birgalikda Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner ham borishini, u ham muzokara jarayonida “ishtirok etayotgani”ni qo‘shimcha qildi.

CNN telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev va Vashington pozitsiyalari hujjatning kamida uch bandi bo‘yicha keskin farq qiladi. Ukraina rahbariyati Donbassdagi bir qator muhim hududlarni Rossiya nazoratiga berish, Ukraina Qurolli Kuchlari sonini tinch vaqtda 600 ming nafargacha qisqartirish va NATOga a’zo bo‘lish istiqbolidan voz kechish bandlariga rozi emas.

Ukrainaning AQShdagi elchisi Olga Stefanishina DW muxbiriga aytganicha, Driskoll Kiyevga qayta tahrir qilingan tinchlik rejasini olib kelmoqda, undan, jumladan, urushda ishtirok etgan barcha shaxslarga to‘liq amnistiya haqidagi “juda bahsga sabab bo‘luvchi” band olib tashlangan. Stefanishina rejaning boshqa bandlarini ham sinchkovlik bilan o‘rganishga “katta qiziqish” bildirilayotganini qayd etdi — xususan, “ruslar noaniq yoki ikki xil talqin qilish mumkin bo‘lgan formulirovkalar orqali qanchalik ko‘p tuzoqlar qo‘yganini” aniqlash nuqtai nazaridan.

The Wall Street Journal gazetasi yozishicha, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha 28 banddan iborat rejaning qoralamasini go‘yoki Uitkoff va Kushner “Yaqin Sharqqa safari”dan qaytar ekan, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv muvaffaqiyatidan ilhomlanib yozgan. Biroq The Insider nashrining ta’kidlashicha, amalda bu reja Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev tomonidan Trampning ikkinchi inauguratsiyasidan so‘ng tuzilgan hujjatga asoslanadi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujjatga hozirgi AQSh ma’muriyatining qattiq “biznesga yo‘naltirilgan” yondashuvini inobatga olgan holda maxsus “o‘ziga tortuvchi” bandi kiritilgan. Bloomberg e’lon qilgan stenogrammaga muvofiq, 29 oktyabr kuni Dmitriyev telefon orqali Ushakov bilan o‘z rejasini qanday qilib AQSh takliflari sifatida ko‘rsatish mumkinligini muhokama qilgan.

Shuningdek, 28 banddan iborat “Tramp rejasi” AQSh ma’muriyatiga Rossiya tomoni topshirgan hujjat asosida tayyorlanganini Reuters agentligi ham ma’lum qildi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu Trampning Vashingtonda Volodimir Zelenskiy bilan oktyabr o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan, OAV xabar berishicha, tarang muhitda kechgan uchrashuvidan so‘ng yuz bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid