O‘zbekiston | 12:49 / 29.11.2025
1991
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon - 2026 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti etib e’lon qilindi

Qozog‘istonning Aqtau shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY doimiy kengashining 42-yig‘ilishida Andijon shahri 2026 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilindi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamiradov, Ozarboyjon madaniyat vaziri o‘rinbosari Murad Guseynov, Qirg‘iziston madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirining birinchi o‘rinbosari Askarali Madaminov, Turkiya madaniyat va turizm vazirining o‘rinbosari Serdar Cham hamda TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev ishtirok etdi.

Yig‘ilish doirasida TURKSOY tomonidan joriy yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi, 2026 yilda o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi, qo‘shma loyihalar va turkiy dunyoning madaniy sohadagi hamkorligini yanada mustahkamlashga doir masalalar muhokama etildi.

Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotining mazkur yilda Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan sammiti doirasida qabul qilingan «TURKSOY tashkilotini rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida»gi qaror ijrosini ta’minlash dolzarbligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ushbu hujjatning ahamiyatini alohida qayd etib, uning amalga oshirilishi TURKSOYning xalqaro tashkilot sifatidagi maqomi va mavqeyini yanada yuksaltirishini ta’kidladi. Shu bilan birga, turkiy davlatlar o‘rtasida madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

TURKSOY doimiy kengashi qaroriga binoan har yili turkiy tilli davlatlardagi shaharlardan biri «Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» sifatida e’lon qilinadi. Mazkur maqomga ega shaharda va hamkor davlatlarda bir yil davomida turli madaniy tadbirlar, festivallar, ilmiy anjumanlar va uchrashuvlar o‘tkaziladi. Bu orqali milliy madaniyat xalqaro miqyosda keng targ‘ib etiladi, shuningdek, sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.

Doimiy kengashning 42-yig‘ilishida Andijon shahri 2026 yil uchun turkiy dunyoning madaniyat poytaxti sifatida tan olindi. Bu xushxabar yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi. 

Yig‘ilish yakunida kun tartibida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi va zarur hujjatlar imzolandi.

2020 yilda Xiva shahri ham turkiy dunyoning madaniyat poytaxti sifatida e’tirof etilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid