Jahon | 14:48 / 29.11.2025
1263
2 daqiqa o‘qiladi

Oktyabrda Germaniya harbiy bazalari uzra rekord darajada dronlar qayd etildi

Oktyabr oyida Germaniyadagi harbiy bazalar ustida noma’lum uchuvchisiz uchish apparatlari g‘ayrioddiy darajada ko‘p payqalgan, deb xabar berdi GFR harbiy aksilrazvedka xizmati (MAD) raisi o‘rinbosari. Dronlar Germaniya harbiy-dengiz floti bazalari uzra ham tobora ko‘proq kuzatilyapti.

Foto: REUTERS

2025 yil oktyabr oyida Germaniya harbiy bazalari ustidan noma’lum uchuvchisiz uchish apparatlari paydo bo‘lishi bo‘yicha hodisalar soni misli ko‘rilmagan darajada yuqori bo‘ldi. Bu haqda juma kuni, 28 noyabrda, Reuters agentligiga Germaniya harbiy aksilrazvedka federal idorasi (MAD) vitse-prezidenti Torsten Akman ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday dronlar eng ko‘p hollarda mamlakat harbiy-dengiz kuchlari obektlari yaqinida qayd etilmoqda.

Akman dronlarning Germaniya harbiy-dengiz bazalariga kuchaygan "qiziqishi" sabablarini ochiqlashni rad etdi. U shuningdek, oktyabr oyida Bundesver bazalari ustidan qancha noma’lum dron qayd etilgani haqida aniq raqamlarni ham keltirmadi.

So‘nggi oylarda noma’lum dronlar Yevropa mamlakatlarining bir nechtasida, jumladan Germaniyada, muhim infratuzilma obektlari ustidan necha bor qayd etilgan. Jumladan, 1 oktyabr kuni bunday dronlar Shlezvig-Golshteyn hududida Thyssenkrupp konsernining harbiy-dengiz verfi va Kil kanali, shuningdek elektr stansiya va mahalliy hukumat binosi ustidan uchib o‘tgani ma’lum qilingan.

Faqat 2025 yilning birinchi choragida Germaniyada muhim harbiy va boshqa infratuzilma obektlari ustidan 500 dan ortiq dron parvozi qayd etilgan. Shu kabi xabarlar Daniya, Norvegiya, Belgiya, Niderlandiya va Ispaniyadan ham kelib tushgan. Ushbu davlatlarda aksariyat aeroportlar vaqtincha yopilgan. Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen bu hodisalarni "gibrid urush" deb atagan. Dronlarni uchirish ortida Rossiya turibdi, degan gumonlar mavjud, biroq RF bunga aloqasi borligini rad etmoqda.

YouGov sotsiologik instituti tomonidan oktyabr oyida o‘tkazilgan so‘rovnoma ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya osmonidagi noma’lum dronlarni urib tushirish tarafdorlari nemislar orasida taxminan 79 foizni tashkil etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid