O‘zbekistonda ekologiya masalasiga davlatning munosabati vanihoyat keskin o‘zgargandek ko‘rinmoqda. So‘nggi haftalarda havo sifati muammosi siyosiy kun tartibidagi eng ustuvor masalalardan biriga aylandi. Bunday uyg‘oqlik va qat’iyatlilik aslo susaymasligi, ilmiy asoslangan tarzda va huquqiy doirada davom etishi – alaloqibat farzandlarimiz va nevaralarimizning hayot sifatini belgilovchi bosh omil bo‘ladi.
Xalqaro tashkilotlar hisobotlariga ko‘ra, 2022 yilda ekologiya sababli 32 million odam o‘z uy-joylarini tashlab, ekologik qulayroq joylarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan.
Ba’zi xalqaro institutlarga ko‘ra, 25 yildan keyin – 2050 yilga borib, 1,2 milliardga yaqin inson ekologik qochqinga aylanishi mumkin ekan. Ya’ni aynan ekologik omillar sabab yo o‘z mamlakati ichida yashash joyini o‘zgartiradi, yoki xorijga ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi. Nazarimda, 1,2 mlrd – bu juda katta raqam, lekin eng kamida yuzlab million inson ekstremal ekologik vaziyat sababli boshqa joylarga ko‘chishga majbur bo‘lishi – turgan gap.
Ekologiya – bir qarashda siyosiy, geosiyosiy mavzu emasdek. O‘tmishda ekologiya u qadar o‘tkir siyosiy mavzu emasdi. Lekin kelajakda ekologiya – eng o‘tkir siyosiy va geosiyosiy mavzu, muammo bo‘lib boraveradi.
Dunyo davlatlarida “barqaror rivojlanish” nomli konsepsiya bor. Bu konsepsiyaga ko‘ra, iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy farovonlik hamda tabiatni asrab-avaylash o‘rtasida muvozanat bo‘lishi kerak. Agar iqtisodiy o‘sish va odamlarning turmush tarzi yaxshilanishi tabiatga katta zarar yetkazsa va muvozanat buzilsa, insonlarning, jamiyatlarning yaxshi yashashi illyuziya bo‘lib qoladi. Ekologiya – bu nafaqat toza havodan nafas olish, toza suv ichish, balki ekologik toza mahsulotlar iste’mol qilish hamdir. Agar odamlar iste’mol qilayotgan mahsulotlar sun’iy kimyoviy tarkibga to‘la bo‘lsa, suvda xlor va boshqa kimyoviy moddalar miqdori ko‘p bo‘lsa, havo chang va g‘uborlarga to‘lib toshgan bo‘lsa – odamlarning farovonligi mutlaq tatimaydi.
O‘tgan juma kuni O‘zbekiston masjidlarida odamlar yomg‘ir so‘rab jamoat namozini o‘qishdi. Bu – o‘zbekistonlik musulmonlar xotirasida oldin kuzatilmagan tajriba bo‘ldi. Bu amaliyot ham O‘zbekistondagi ekologik vaziyat taranglashayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda besh yo‘nalish bo‘yicha ekologik muammolar kuzatiladi.
Birinchisi – Orol dengizining qurishi. Ajdodlarimiz Orolni “dengiz” deb bilishgan, aslida Orol – bu dunyodagi eng katta ko‘llardan edi. Biroq texnogen, ya’ni inson omili sabab, bu katta ko‘l qurib bitdi. Keyingi yarim asrda Orol dengizi 16 baravarga toraydi. Orol qurigach, uning maydonidan qum aralash tuz ham ko‘chmoqda.















