AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati milliy xavfsizlik bo‘yicha yangi strategiyani e’lon qildi — bu AQSh tashqi va mudofaa siyosatidagi prinsiplar va ustuvor yo‘nalishlar mustahkamlab qo‘yilgan hujjatdir. Strategiyada Tramp allaqachon amalga oshirgan bir necha keskin burilishlar qayd etilgan: global hukmronlikka intilishdan voz kechish, Lotin Ameriasi va Osiyoga e’tiborni kuchaytirish, Yevropa va Yaqin Sharq esa – birinchi planda emas. Mazkur hujjatga ko‘ra, Rossiya-Ukraina urushi – Tramp va uning tashqi siyosat bo‘yicha jamoasi uchun ikkinchi darajali masala hisoblanadi.

AQSh strategiyasining muhim jihatlari

  • AQSh dunyoda sodir bo‘layotgan barcha voqealar o‘z milliy manfaatlari doirasiga kiradi, degan fikrdan voz kechmoqda;
  • «Kuch orqali tinchlik» prinsipi: AQSh o‘z manfaatlariga zarar yetishining oldini olish uchun iqtisoliy, texnologik va harbiy ustunligini ta’minlamoqchi;
  • AQSh faqat boshqa chora qolmagandagina boshqa mamlakatlar ishlariga aralashishi mumkin;
  • «moslashuvchan realizm»: AQSh har qanday rejim bilan ishlashga tayyor va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik qilish uchun ushbu mamlakatlardagi demokratlashtirish, liberallashtirish yoki boshqa qandaydir o‘zgarishlarni shart qilib qo‘ymaydi;
  • AQSh o‘z qadriyatlari va manfaatlariga ega bo‘lgan milliy davlatlarni xalqaro tashkilotlardan ustun qo‘yadi;
  • AQSh o‘z suverenitetini himoya qilib, boshqa mamlakatlar suverenitetini hurmat qiladi;
  • «kuchlar muvozanati»: AQSh global hukmronlikka intilishdan voz kechmoqda va boshqa yirik va boy mamlakatlarning o‘z ta’sir doiralari borligini tan oladi;
  • Amerika siyosati nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki ishchi amerikaliklarni qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi;
  • AQSh barcha hamkorlaridan shaffoflik talab qiladi va boshqa mamlakatlar o‘zini ekspluatatsiya qilishiga yo‘l qo‘ymaydi; xususan, ular ittifoqchilaridan Amerikaga tayanmasdan, o‘z mudofaasi uchun pul sarflashni talab qiladi;
  • AQSh meritokratiyaga tayanadi; shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar o‘z mehnat bozorini himoya qilish va doimo va hamma joyda amerikaliklarga ustunlik berish niyatida.

Ichki siyosat

Hujjat to‘g‘ridan to‘g‘ri G‘arbiy yarimshar Sharqiy yarimshar kuchlari ta’siri uchun yopiqligini nazarda tutuvchi «Monro doktrinasi»ga qaytish haqida. 1823 yilda AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Jyeyms Monro bu doktrinani e’lon qilganida, u Amerikadagi sobiq mustamlakalarning (shu jumladan AQShning o‘zini ham) Yevropa davlatlaridan mustaqilligini himoya qilishni nazarda tutgan. «Trampning Monro doktrinasiga qo‘shimchasi» (hujjatda ishlatilgan atama) quyidagilarni anglatadi: «Biz yarimshar tashqarisidagi raqobatchilarga yarimsharimizda o‘z qo‘shinlarini yoki boshqa tahdid manbalarini joylashtirishga, shuningdek, hayotiy muhim aktivlarga egalik qilishga yoki ularni nazorat qilishga ruxsat bermaymiz».