9 dekabr kuni Rossiya va Xitoy harbiy-havo kuchlari Yaponiya atrofida qo‘shma patrul parvozlari shaklida mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Yaponiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Pekin bilan keskinlik ortib borayotgan bir paytda, patrul parvozlarini kuzatish uchun Tokio o‘z qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘targan.

Reutersʼning yozishicha, Rossiyaning yadroviy qurol tashishga qodir ikki dona Tu-95 strategik bombardimonchisi Yaponiya dengizidan Sharqiy Xitoy dengizi tomonga uchgan. Keyin u yerda Xitoyning ikki dona H-6 bombardimonchisi bilan uchrashgan va Tinch okeani ustida «uzoq masofali qo‘shma parvozni» amalga oshirgan.

Bombardimonchilar Yaponiya tarkibidagi Okinava va Miyako orollari orasida ham bir necha marta borib-kelib, parvoz qilgan. Bu vaqtda ularga Xitoyning to‘rtta J-16 qiruvchi samolyoti hamrohlik qilgan. Bu orollar orasidagi Miyako bo‘g‘ozi xalqaro suvlarga mansub hudud sifatida tasniflanadi.

Yaponiya dengizi hududida olib borilgan yana bir mashg‘ulotda esa Rossiya harbiy-havo kuchlarining bir dona A-50 erta ogohlantirish samolyoti va ikkita Su-30 qiruvchi samolyoti ishtirok etgan.

Tu-95 strategik bombardimonchi / Foto: Reuters
Foto: X/China Military

Yaponiya mudofaa vaziri Shinjiro Koizumi Rossiya va Xitoyning qo‘shma harakatlarini xavf sifatida baholadi. Mashg‘ulotlar «mamlakatimizga nisbatan kuch namoyishi qilish maqsadini ochiq-oydin ko‘zlagan bo‘lib, bu milliy xavfsizligimiz uchun jiddiy xavotir uyg‘otadi», deb yozdi Shinjiro Koizumi.