«Lids»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida g‘alabani qo‘ldan chiqargan «Liverpul»da inqiroz davom etayotgan bo‘lsa-da, o‘yindan keyin ushbu o‘yindagi vaziyatlar, Slotning u yoki bu taktik qarorlari chetga chiqdi – barchasi klubning tirik afsonasi Muhammad Salohning intervyusi soyasida qolib ketdi. Misrlik futbolchi yetti daqiqalik nutqida murabbiy bilan hech qanday munosabat qolmaganidan tortib, klub unga nisbatan nohaqlik qilayotganigacha aytib berdi. Tabiiyki, ayni damda butun ingliz matbuoti shu haqida yozmoqda. Keling avval, mavzuga chuqurroq kirish uchun bir yil orqaga, 2024 yil oxiriga qaytamiz.

Salohning qolishi to‘g‘ri qarormidi?

«Dekabr oyi kelyapti, men esa hali ham klubdan yangi shartnoma olmadim. Ayni damda «Liverpul»da qolishimdan ko‘ra, bu yerdan ketishim ehtimoli kattaroq. Nafaqaga chiqmoqchi emasman, shunchaki bor e’tiborimni ushbu mavsumga qaratganman, maqsadim – Angliya chempioni bo‘lish, Chempionlar ligasini ham yutishga umid qilaman. Hafsalam pir bo‘ldi, ko‘ramiz, keyin nima bo‘larkin». O‘tgan yil noyabrida «Sauthempton»ga qarshi o‘yinda dubl qilib, irodali g‘alabaga (3:2) hissa qo‘shgach, uzoq tanaffusdan so‘ng jurnalistlar qarshisiga chiqqan Muhammad Saloh shu gaplarni aytgandi.

Shundan keyingi o‘yinda Chempionlar Ligasi guruh bosqichida «Real» tiz cho‘ktirildi – 2:0. APL doirasidagi keyingi turda esa «Liverpul» o‘z ta’qibchilaridan biri «Manchester Siti»ni «Enfild»da xuddi shu hisobda mag‘lub etdi. Liverpulda bayram. Kayfiyat zo‘r. Uchrashuvda bir gol va assist qayd etib, eng yaxshi o‘yinchi deb topilgan Saloh esa yana eski mavzuni ochdi: «Bu mening «Enfild»da «Manchester Siti»ga qarshi so‘nggi o‘yinim bo‘lishi mumkin. Shuning uchun to‘liq zavq olishga harakat qildim».

Hozirgi muammolar oldida hech narsa emas, ammo ko‘p bo‘lmadi, atigi bir yil oldin APLda 9 ochkolik farq bilan jadvalni boshqarib turgan, Chempionlar Ligasida esa yo‘qotishsiz borayotgan klubning yagona muammosi – Muhammad Saloh, Virjiyl van Deyk va Trent Aleksandr-Arnoldni jamoada qolishga ko‘ndirish, boshqacha aytganda, kattaroq maosh bilan yangi shartnoma imzolash edi.

Hamma g‘alabani nishonlayotgan paytda o‘z dardi bilan bosim qilish biroz xudbinlik, Jyeymi Karrager yaqinda uning aynan shu xislatini tanqid qilgan.

«Biz muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan keyin faqat Virjiyl van Deyk muxlislar qarshisiga chiqishiga o‘rganib qoldik. Lekin qolganlar qani? Saloh qani? Uni faqat muvaffaqiyatli o‘yinidan keyin yangi shartnoma so‘rashini ko‘ramiz», – deb asabiylashgandi «Nottinghem Forest»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Jyeymi Karrager.

Tabiiyki, bir yil oldin «Liverpul» juda katta bosim ostida edi va 32 yoshli futbolchiga APLning eng katta maoshini taklif qilishdan boshqa yo‘li qolmagandi. Bu xato emasdi albatta, o‘sha davrda Muhammad Saloh nafaqat Angliyada, balki dunyoning eng yaxshisi bo‘lib turgan, «Liverpul»ning qariyb barcha gollari aynan misrlik hujumchi orqali yuzaga kelayotgandi. Kelajakni o‘ylab qandaydir strategik rejalar qilish, masalan, futbolchining zo‘r davrida u bilan xayrlashib, yangi sahifa ochish varianti butunlay yo‘qqa chiqqan – muxlislar buni hech qachon qabul qila olishmasdi. Tasavvur qiling, Muhammad Saloh talab qilayotgan maoshni yuqori deb hisoblab, u bilan xayrlashish, yozda esa 400 million yevrodan ortiq mablag‘ni yangi transferlar uchun sarflashni tushunish mumkin bo‘larmidi?