Jahon | 09:10
451
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa yetakchilari Tramp bilan Ukraina bo‘yicha tinchlik yo‘llarini izlamoqda

Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya rahbarlari Donald Tramp bilan Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qildi. Suhbat so‘nggi paytlarda Tramp tomonidan Volodimir Zelenskiyga qaratilgan keskin tanqidlar fonida bo‘lib o‘tdi.

Foto: Adrian Dennis/Pool/AFP/Getty Images

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, GFR kansleri Fridrix Mers va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer chorshanba, 10 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilish maqsadida 40 daqiqalik telefon suhbati o‘tkazdi. Yelisey saroyi xabariga ko‘ra, suhbatning maqsadi tinch yo‘l bilan hal etishga doir masalalar muhokamasini «oldinga siljitish» bo‘lgan.

Xabarga qaraganda, maslahatlarda qatnashgan tomonlar hozirgi vaziyatni Ukraina, uning aholisi va umuman yevroatlantik makondagi xavfsizlik uchun tanqidiy palla, deb baholagan. Mers, Makron va Starmer shuningdek, Ukrainada barqaror tinchlikka erishish va zo‘ravonlikni to‘xtatishga qaratilgan AQSh sa’y-harakatiga yuqori baho bergan.

So‘nggi kunlarda Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni keskin tanqid qildi va uni, amaldagi Ukraina harbiy qonunchiligiga ko‘ra hozir o‘tkazib bo‘lmaydigan prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirdi.

Payshanba, 11 dekabr kuni «ko‘ngillilar koalitsiyasi» deb ataluvchi guruh vakillari Buyuk Britaniya va Fransiya raisligida videokonferensiya o‘tkazishni rejalashtirgan bo‘lib, unda Rossiya harbiy tajovuziga duch kelayotgan Ukraina uchun xavfsizlik masalalari muhokama etiladi. Fransiya hukumati vakilining ta’kidlashicha, suhbatda AQShning ehtimoliy hissasi ham muhokama qilinadi. Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan mazkur «ko‘ngillilar koalitsiyasi»ga asosan yevropaliklardan iborat taxminan 30 ta davlat kiradi.

Zelenskiy Tramp tanqididan so‘ng saylovlar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Biroq u shuni xam ta’kidladiki, bu saylovlarni o‘tkazish uchun, avvalo, AQSh ma’muriyati va yevropalik sheriklar zarur xavfsizlikni ta’minlashga yordam berishi lozim.

Qo‘shma Shtatlar taxminan uch haftacha avval Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etgan edi. Dastlabki variant Kiyev va yevropalik ittifoqchilar tomonidan Moskva uchun haddan tashqari qulay, deb hisoblangani uchun ularning bosimi ostida qayta ko‘rib chiqildi. Ham Ukraina, ham uning yevropalik sheriklari ayniqsa xavfsizlik kafolatlari qismida, rejani Ukraina manfaatlari yo‘lida yanada to‘ldirish va o‘zgartirishni talab qilmoqda.

Mavzuga oid