2025 yil 11 dekabr kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, paralimpiya sport turlarini — parayengil atletika, paradzyudo, parataekvondo, parasuzish, parapauerlifting va parao‘q otishni yanada rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Hujjatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning parasportga qiziqishini oshirish, zarur sharoitlar yaratish, terma jamoalar uchun sport zaxirasini shakllantirish hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralashning raqamlashtirilgan tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, sportchilarni tayyorlash tizimi takomillashtirilib, ularning imkoniyati va qiziqishidan kelib chiqqan holda sog‘lom sport guruhlarida ham shug‘ullanishi va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishiga shart-sharoit yaratilishi qayd etilgan.
Haqiqiy talabdan kelib chiqib, hududlarda ayrim davlat sport maktablarini paralimpiya sport turlariga ixtisoslashtirish, paralimpiyachilarning nogironlik toifasi (klassifikatsiyasi)ni barvaqt aniqlash amaliyotini joriy etish ham belgilandi.










