Toshkentda yer oʻpirilishi holati boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Fargʻonada koʻp qavatli uy yertoʻlasida baliq boqilayotgani aniqlandi. Urganch aeroportidan Xivaga elektropoyezd qatnovi boshlandi. 8-sentabrga qadar barcha muzeylarga kirish bepul boʻladi. «Oʻtgan kunlar»ni oʻqib-oʻrganish harbiy xizmatchilar uchun majburiy qilinishi mumkin. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Fargʻonada koʻp qavatli uy yertoʻlasida baliq boqilayotgani aniqlandi

Fargʻona shahrining Muruvvat mahallasidagi koʻp qavatli uylarda oʻtkazilgan monitoring davomida yertoʻlada baliq boqilayotgani aniqlandi.

Fargʻona viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabariga koʻra, mulkdor yertoʻladagi turli xonalarni toʻsib, oʻzboshimchalik bilan egallab olgan. Soʻngra katta hajmdagi sunʼiy hovuz oʻrnatib, unda baliq boqish uchun ichimlik suvi quvuri tortgan.

Holat yuzasidan mulkdorga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qoʻllangan. Unga yertoʻlani 15 kun ichida boʻshatib, avvalgi holatiga keltirish boʻyicha yozma koʻrsatma berilgan. Bundan tashqari, ichimlik suvidan oʻzboshimchalik bilan foydalanish holati ham qayd etilgan. Bu boʻyicha fuqaroga maʼmuriy jarima rasmiylashtirilgan. Jarimalar miqdori toʻgʻrisida maʼlumot berilmadi.


Toshkentda yer oʻpirilishi holati boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Toshkent shahridagi Glinka koʻchasida avtomobil yoʻlining bir qismi oʻpirilib tushdi. Toshkent shahar hokimligi bergan maʼlumotga koʻra, diametri 219 mm boʻlgan yerosti quvuridan gaz sizib chiqqan va issiqlik tarmogʻi kamerasida toʻplanib, avariya holatini keltirib chiqargan.

Tekshiruv davomida gaz quvurining taxminan 375 kv sm maydonida bir nechta joydan gaz sizib chiqayotgani aniqlangan. Taʼkidlanishicha, mutaxassislar hodisaning kelib chiqish sabablari va boshqa tafsilotlarini oʻrganmoqda. Shuningdek, muhandislik tarmoqlarining holati tekshirilib, bunday holatlar takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik choralari koʻrilmoqda.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Urganch aeroportidan Xivaga elektropoyezd qatnovi boshlandi

Xorazm viloyatida Urganch xalqaro aeroporti va Xiva vokzali oʻrtasida elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi.

«Oʻzbekiston temiryoʻllari» xabariga koʻra, bu yoʻnalishda Xitoyda ishlab chiqarilgan tezyurar elektropoyezd kuniga bir marta harakatlanadi.

Poyezd Urganch aeroportidan soat 8:40 da joʻnab, 9:00 atrofida Urganch temiryoʻl vokzalida boʻladi, Xivaga soat 9:22 da yetib boradi. Ortga qaytishda esa soat 21:00 da Xivadan joʻnaydi, 21:20–21:23 oraligʻida Urganch vokzalida boʻladi va 21:42 da Urganch aeroportiga yetib boradi.

Chipta narxi kattalar uchun 25 ming soʻm, bolalar uchun 14 ming soʻm miqdorida belgilangan.


8-sentabrga qadar barcha muzeylarga kirish bepul boʻladi

2-sentabrdan 8-sentabrga qadar Madaniy meros agentligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey-qoʻriqxonalar hamda uy-muzeylarida «Muzeylar haftaligi» oʻtkaziladi.

Ushbu haftalik davomida agentlik tizimidagi jami 114 ta davlat muzeyi va muzey-qoʻriqxonalariga oʻzbekistonliklar bepul kirishi mumkin.

Muzeylar haftaligi 2014-yildan beri 2-8 sentabr kunlari oʻtkazilmoqda. Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, haftalik doirasida aholining shu kunlari davlat muzeylariga bepul kirishi belgilangan.


«Oʻtgan kunlar»ni oʻqib-oʻrganish harbiy xizmatchilar uchun majburiy qilinishi mumkin

Qurolli Kuchlarda harbiy xizmatchilarning kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Loyihaga koʻra, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya 1 million nusxadagi adabiyotlarni xarid qilish boʻyicha buyurtmachi etib belgilanmoqda. Kitoblarni Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar oʻrtasida alohida taqsimot asosida ajratish koʻzda tutilgan.

Loyihada muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan oʻqib-oʻrganilishi lozim boʻlgan qator asarlar ham alohida koʻrsatilgan.

Jumladan: «Alpomish» dostoni; Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asari; Abdulla Qodiriyning «Oʻtgan kunlar» romani; Abdulhamid Choʻlponning «Goʻzal Turkiston» va «Xalq dengizdir» asarlari; Erkin Vohidovning «Oʻzbegim» va «Inson» qasidalari; Abdulla Oripovning «Oʻzbekiston» sheʼri; Muhammad Yusufning «Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston» sheʼri.