14 dekabr kuni Sidneydagi Hanuka bayramida plyajda sodir bo‘lgan otishma oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odamlar yaralandi.

24 yoshli Navid Akrom 59 ta jinoyat, jumladan, 15 ta qotillik va bitta terrorchilik harakatida ayblanmoqda. Ikkinchi o‘qotar – uning otasi Sajid Akrom voqea joyida politsiya bilan otishmada halok bo‘lgan.

Hujjatlarga ko‘ra, ular hujumni bir necha oy davomida «puxtalik bilan» rejalashtirgan va otishmadan ikki kun oldin plyajga razvedka uchun borishgan.

O‘tgan hafta sud hujumdan omon qolganlarning shaxsiy ma’lumotlarini himoyalash maqsadida politsiyaning faktlar bayon etilgan ma’lumotnomasini e’lon qilishni vaqtincha taqiqladi. Dushanba kuni bu taqiq olib tashlandi va hujjatlar ayrim istisnolar bilan e’lon qilindi.

E’lon qilingan materiallarda gumondorlarning hujumdan oldingi harakatlari aks etgan bir nechta videoyozuvlarning tafsilotlari mavjud.

Politsiyaning ta’kidlashicha, kuzatuv kamerasidan olingan kadrlarda ota-bola Akromlar Bondi-bichga hujumdan ikki kun oldin razvedka olib borayotgani aks etgan.

Oktyabr oyida mobil telefonga olingan videolardan birida ushbu shaxslar IShID guruhi bayrog‘i tasviri oldida o‘tirgani aks etgan. Videoda ular hujum motivlari haqida gapirgani va «sionistlarning harakatlari»ni qoralagani eshitiladi.

Politsiya ma’lum qilishicha, oktyabr oyida olingan yana bir videoda ota va o‘g‘il «ovloq joyda o‘qotar quroldan foydalanishni o‘rganishgani» ko‘rsatilgan. Videoyozuvda ular «miltiqdan o‘q uzishi va taktik harakatlarni amalga oshirgani»ni ko‘rish mumkin, deya qo‘shimcha qildi huquq-tartibot idoralari vakillari.

12 dekabr kuni kechqurun olingan videokuzatuv kamerasi orqali olingan videoda ushbu ota va o‘g‘il Bondi-Bich yaqinida avtomobilda ketayotganini ko‘rish mumkin.

«Ayblanuvchi va uning otasi S.Akrom avtomobildan tushib, piyodalar ko‘prigidan atrofni ko‘zdan kechirgan. Ular ikki kun o‘tib shu yerdan odamlarni o‘qqa tutgan. Politsiya bu razvedka va terrorchilik aktini rejalashtirish bo‘lganini tasdiqlaydi», – deyiladi hujjatda.