O‘zbekiston | 16:09 / 05.01.2026
1264
2 daqiqa o‘qiladi

Har yili kamida 5 ta davlat funksiyasi to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida har yili 10 ta respublika ijro etuvchi organda jarayonlarni optimallashtirish, qog‘ozbozlikni qisqartirish, ortiqcha ma’lumot talab qilishni bekor qilish hamda ayrim sohalarda xizmatlarni 100 foiz raqamlashtirish rejalashtirilmoqda.

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida davlat boshqaruvi organlari ishini aholi manfaatlariga yo‘naltirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish va byurokratik to‘siqlarni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan.

Loyihada keltirilishicha, 381-band doirasida har yili 10 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki ish yurituv jarayonlari — hujjatlarni kelishish, imzolash, ma’lumot almashish va boshqa bosqichlarni 5 foizga maqbullashtirib borish ko‘zda tutilgan. Bu orqali qaror qabul qilish tezkorligini oshirish va ish jarayonlarini ixchamlashtirish maqsad qilingan.

Shuningdek, 382-bandga muvofiq, har yili 10 ta respublika ijro etuvchi organ faoliyatida an’anaviy shaklda amalga oshirilayotgan tartib-taomillarning kamida 10 foizini raqamlashtirish va shu orqali jarayonlarda qog‘oz sarfini qisqartirish rejalashtirilmoqda.

Loyihadagi muhim yo‘nalishlardan yana biri — fuqarolardan ortiqcha hujjat va ma’lumot talab qilish amaliyotini bartaraf etish. Jumladan, 383-bandda 110 dan ortiq ma’lumot va hujjatlarni talab qilishni to‘liq bekor qilish vazifasi belgilangan.

Bundan tashqari, 384-band doirasida har yili respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining aholiga xizmat ko‘rsatishga oid kamida 5 ta funksiyasini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan. Maqsad — xizmatlarni fuqarolar uchun yanada qulay, tez va shaffof qilish.

Shuningdek, 385-bandda tadbirkorlik sub’yektlariga sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini 100 foiz raqamlashtirish vazifasi qo‘yilgan. Bu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yagona elektron tartibga o‘tkazish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va ruxsat berish mexanizmlarini soddalashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid