Eronning so‘nggi shohi katta o‘g‘li Rizo Pahlaviy Eronda noroziliklar boshlanganidan beri ilk bor AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan uchrashgan. Bu haqda Axios nashri 13 yanvar, seshanba kuni, yuqori lavozimli amerikalik amaldorga tayanib xabar berdi. Aniqlashtirilishicha, ushbu maxfiy uchrashuv o‘tgan dam olish kunlari bo‘lib o‘tgan.
Axios’ning yozishicha, 13 yanvar kuni ertalab Oq uyning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha jamoasi yig‘ilish o‘tkazgan va unda Tehron hamda Eronning boshqa shaharlaridagi hukumatga qarshi namoyishlarga qanday javob qaytarish variantlari muhokama qilingan. Nashr qayd etishicha, Oq uy rahbari Donald Tramp bu yig‘ilishda qatnashmagan. Manba ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati ichidagi bu muhokamalar “nisbatan ilk bosqich”da va hozircha Eronga nisbatan “harbiy harakatlar to‘g‘risida qarorlar hali qabul qilinmayapti”.
Axios yozishicha, noroziliklar boshida AQSh prezidenti va uning jamoasi “Pahlaviyni muhim siyosiy o‘yinchi sifatida ko‘rmagan”. O‘tgan hafta Tramp teledasturlardan biriga bergan intervyusida uni Eronda hokimiyat vorisi sifatida qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan. Biroq keyinchalik AQSh ma’muriyati ko‘plab namoyishlarda ishtirokchilar Rizo Pahlaviyning ismini hayqirganidan hayratda qolgan, deya nashr yuqori lavozimli amerikalik amaldor so‘zlarini keltiradi.
Axios manbasi — vaziyatni bevosita biladigan shaxs so‘zlariga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Marko Rubio so‘nggi kunlardagi yopiq uchrashuvlarda hozirgi bosqichda ma’muriyat Erondagi namoyishchilarga yordam berish uchun harbiy bo‘lmagan choralarni ko‘rib chiqyapti, deb aytgan.
Shu kuni avvalroq AQSh prezidenti Erondagi namoyish qatnashchilarini “norozilikni davom ettirish” va “davlat muassasalarini nazoratga olish”ga chaqirgan va: “Yordam yo‘lda”, — deb qo‘shimcha qilgan. Jurnalistlar undan bu bilan nimani nazarda tutganini so‘raganida, Tramp: “Buni o‘zingiz tushunib olishingizga to‘g‘ri keladi”, — deb javob bergan. Shuningdek, u AQSh fuqarolari Eronni tark etishi kerakligini aytgan.
2 yanvar kuni Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida AQSh Eron kuch tuzilmalari tinch namoyishchilarga o‘q uzsa, aralashishini yozgan. Keyinroq Tramp matbuot kotibi Kerolayn Livitt aytishicha, AQSh prezidenti namoyishlarni qattiq bostirish sabab Eronga qarshi turli harakatlarni — havo zarbalarigacha ko‘rib chiqmoqda, ammo “birinchi variant” sifatida diplomatiyani ko‘radi. 11 yanvar kuni Tramp Eron rahbariyati unga muzokaralar o‘tkazish iltimosi bilan murojaat qilganini aytgan, Eron tomoni esa buni tasdiqlamagan.















