Jahon | 09:21
695
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh: G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichi boshlandi

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff 14 yanvar kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejasining ikkinchi bosqichiga o‘tilganini ma’lum qildi. Donald Trampning 20 banddan iborat rejasiga ko‘ra, bu bosqich demilitarizatsiya, texnokratik boshqaruv va qayta tiklash ishlarini nazarda tutadi.

Foto: Omar Ashtawy/APAimages/IMAGO

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff 14 yanvar, chorshanba kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichiga o‘tilganini e’lon qildi.

“Bugun biz prezident (AQSh prezidenti Donald) Tramp nomidan G‘azodagi mojaroni to‘xtatish bo‘yicha 20 banddan iborat prezident rejasining ikkinchi bosqichi boshlanganini — o‘t ochishni to‘xtatishdan demilitarizatsiya, texnokratik boshqaruv va qayta qurish ishlariga o‘tishni e’lon qilamiz”, — deb yozdi Uitkoff X ijtimoiy tarmog‘ida.

Maxsus vakil so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bosqich G‘azoda o‘tish davri ma’muriyatini tashkil etish va G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mita (NCAG)ni tuzish, shuningdek, noqonuniy qurolli tuzilmalar a’zolarini qurolsizlantirishni o‘z ichiga oladi.

Uitkoff AQSh HAMASdan o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishni, jumladan, halok bo‘lgan so‘nggi garovga olingan shaxsning jasadini zudlik bilan qaytarishni kutayotganini bildirdi. “Bu talab bajarilmasa, jiddiy oqibatlarga olib keladi”, — deya ogohlantirdi u.

AQSh HAMASni qurolsizlantirishda siljish yo‘qligi, shuningdek, garovga olinganlardan birining jasadi haligacha qaytarilmagani bois Isroil qarshiligiga qaramay, keyingi bosqich boshlanganini e’lon qildi.

CNN’ning qayd etishicha, Tramp rejasining ikkinchi bosqichi, shuningdek, Falastin politsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida G‘azo sektoriga Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari (XBK)ni joylashtirishni ham ko‘zda tutadi. Rejaga binoan, XBK kiritilishi Isroil armiyasining G‘azo sektorini tark etishiga ham imkoniyat yaratishi mumkin.

Dekabr oyida Yevroittifoq va AQShda terroristik tashkilot deb tan olingan HAMAS harakati qator shartlar bajarilsa, qurol tashlashga tayyorligini bildirgan. Jumladan, harakat Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektori hududidan to‘liq chiqib ketilishini talab qilgan. “Qurolimiz (mavjudligi) okkupatsiya va tajovuz bilan izohlanadi. Agar okkupatsiya to‘xtasa, bu qurol davlat nazoratiga topshiriladi”, — degan harakat yetakchisi Xalil al-Hayya.

HAMASning 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga qilgan hujumi Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashuviga turtki bo‘lgan. O‘shanda jangchilar Isroilga raketa zarbalari berib, uning hududiga kirib borgan, oqibatda taxminan 1200 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, ular 250 atrofida odamni garovga olib, G‘azo sektoriga olib ketgan. Keyinchalik garovdagilarning bir qismi almashtirilgan yoki ozod qilingan, bir qismi esa halok bo‘lgan.

Bunga javoban Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qildi. G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyoti va bombardimonlar natijasida 70 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana 169 mingdan ziyodi yaralangan. 

Mavzuga oid