O‘zbekiston | 13:42
551
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etmoqda

Qozog‘istonning Ulysmedia.kz nashrida O‘zbekistonda to‘qimachilik korxonalarini xalqaro savdoda qo‘llab-quvvatlash va global ta’minot zanjirlarida ishtirokini kengaytirishga qaratilgan yangi dastur haqida maqola e’lon qilindi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi. 

Qozog‘iston nashri yozishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik korxonalarini xalqaro bozorda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan farmonni imzolagan. Hujjatda korxonalarni iqtisodiy-moliyaviy holatidan kelib chiqib uch toifaga ajratish va har bir toifa uchun manzilli yordam choralarini joriy etish nazarda tutilgan.
 
Farmonga muvofiq, to‘qimachilik korxonalariga tijorat banklari orqali 2 million AQSh dollarigacha kredit ajratish mexanizmi belgilangan. Bunda korxona tomonidan xarid qilingan va to‘lovlari to‘liq amalga oshirilgan yoki o‘zi yetishtirgan xomashyo garov sifatida qabul qilinib, kreditlar Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi resurslari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek:

  • sog‘lomlashtirish imkoniyati mavjud deb topilgan korxonalarning avval olgan tijorat kreditlari muddatini 7 yilgacha uzaytirish chorasi belgilangan; 
  • paxta xomashyosi xaridi uchun jalb qilingan kreditlar bo‘yicha 2026–2027 yillarda to‘lov grafigidagi ayrim to‘lovlarni belgilangan tartibda keyingi oylarga taqsimlash imkoniyati nazarda tutilgan; 
  • 2026 yil 1 yanvardan yengil sanoat korxonalarida quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalaridan olingan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortgan qismini sotish tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan; 
  • paxta tayyorlash punktlari uchun ayrim soliqlar bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklarini investorlarga realizatsiya qilishda QQS bo‘yicha yengilliklar kabi choralar belgilangan. 

Maqolada qayd etilishicha, belgilangan chora-tadbirlar to‘qimachilik korxonalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tashqi bozorda faollikni oshirish va ta’minot zanjirlariga integratsiyani kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid