Ukrainada navbatdagi korrupsion mojaro avj oldi. Ötgan yil oxirida Timur Mindiç markazida bölgan yirik korrupsion mojaroni oçgan Ukraina Korrupsiyaga qarşi kuraşiş milliy byurosi NABU va Korrupsiyaga qarşi kuraşga ixtisoslaşgan prokuratura SAP mamlakatdagi eng maşhur siyosatçilardan biri Yuliya Timoşenkoni nişonga oldi.
Zelenskiygaça mustaqil Ukraina tarixidagi eng maşhur siyosatçi sifatida qaralgan Timoşenko xonim deputatlarni sotib olişda ayblanmoqda. Ukrainada bunaqa noodatiy siyosatçini topolmaysiz: ötgan asrda partiya oçgan, yangi asrda ikki marta boş vazir bölgan, yetmaganiga ikki martalab qamalib çiqqan...
«Kassaga berayotgandek beraman»
NABU Yuliya Timoşenkoni deputatlarni sotib olişga urinişda ayblamoqda. Taşkilot rasmiy bayonotida gumonlanuvçi Timoşenko ekani aytilmagan, lekin e’lon qilingan videodagi yuzi xiralaştirilgan ayol aynan «Batkivşina» partiyasi rahbari Yuliya Timoşenko ekani uning maşhur soç turmagidan bilingan. Siyosatçi Radadagi majlisda ayblovlarni siyosiy piar deb çiqdi va tört öram 100 dollarlik kupyura bilan qölga olingan gumondor u ekaniga şubha qoldirmadi.
NABU'ga köra, Timoşenko deputatlarni, xususan, öz fraksiyasiyaga kirmaydigan boşqa partiya deputatlarini sotib olişga uringan. Taşkilot bu borada Timoşenkoning ovozi yozib olingan audio ham e’lon qildi. Bir neça daqiqalik audioning özi korrupsiya holati borligini körsatib qöygan. Unda Timoşenko ekani aytilayotgan ayol deputatlarga qaysidir qonun loyihalarini qöllaş uçun pul taklif qilgan.
Audiodagi ayol «ikkita sessiya uçun 10 tölaymiz», degan. Gap katta ehtimol 10 ming dollar haqida ketmoqda. Çunki videoda ham gumondor ayol tört öram 100 dollarlik bilan qölga olingan. «Siz bilan kelişib olsak, kim kim bilan birga ekanini belgilab olamiz va men sizga beraman. Kassaga berayotgandek beraman», degan ayol.
Audiolarda Timoşenko deputatlarni Vasil Malyuk, Mixail Fyodorov va Denis Şmigal iste’foga çiqişi borasida qonun loyihasini qöllab, ularni yangi lavozimga tayinlaş böyiça loyihani rad etişga çaqirgan. Nega bunday deganini tuşuniş qiyin emas. Timoşenko şu orqali prezident Zelenskiy özi asosçisi bölgan «Sluga naroda» partiyasi orqali qonun qabul qilişiga xalaqit berişga, ya’ni Zelenskiyni parlamentdagi köpçilik ustunligidan mahrum qilişga uringan. Aftidan, Timoşenko xonimning bu tryuki öxşagan körinadi, Rada çindan yuqoridagi mulozimlarni bir urinişda yangi lavozimga tayinlay olmadi.












