Jahon | 10:53 / 20.01.2026
3822
6 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik kengashiga vaqtinchalik a’zolik bepul bo‘ladi

Tashkilot nizomiga ko‘ra, davlatlar Tinchlik kengashida uch yillik vaqtinchalik a’zolikni to‘lovsiz olishi mumkin. Birinchi yil davomida badal to‘laganlar uchun esa doimiy a’zolik kafolatlanadi.

Foto: White House / Daniel Torok

Tramp Tinchlik kengashi tuzilganini e’lon qildi va dunyo yetakchilariga a’zolik bo‘yicha takliflar yubordi. Ushbu organ G‘azo sektorida tinchlikka rioya etilishini nazorat qilish uchun yaratilayotgan edi, biroq BMTga raqobatchi tuzilmaga aylanib qolishi ham mumkin.

16 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Tinchlik kengashini shakllantirishi haqida ma’lum qildi. 2025 yil noyabr oyida BMT ushbu kengashni tuzish rejasini qo‘llab-quvvatlagan paytda, u xalqaro huquqiy sub’yektlikka ega bo‘lgan o‘tish davri ma’muriyati sifatida ko‘zda tutilgan edi: u «Kompleks reja»ga muvofiq hamda xalqaro huquqning tegishli tamoyillariga tayanilgan holda «G‘azoni tiklashni moliyalashtirishni muvofiqlashtirishi» kerak edi. Ammo dastlabki rejalarga zid ravishda, Tramp loyihasi BMTga raqobat qila oladigan xalqaro tashkilot ko‘rinishiga keldi.

AQSh prezidenti o‘zining TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: «Ishonch bilan ayta olamanki, bu – har qanday vaqt va har qanday joyda yig‘ilgan eng buyuk va nufuzli kengashdir». Shu kuni Oq uy dunyo yetakchilariga yuborgan takliflar haqida ham ma’lum bo‘ldi. Bloomberg manbalarga tayanib xabar berishicha, takliflar bilan birga siyosatchilarga tashkilot nizomi ham taqdim etilyapti. Unda tashkilotning maqsadi quyidagicha belgilangan: «barqarorlikka ko‘maklashish, ishonchli va qonuniy boshqaruvni tiklash hamda nizodan jabr ko‘rgan yoki nizo xavfi mavjud hududlarda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash».

Financial Times nashri yozishicha, hujjat matnida G‘azo tilga olinmagan, ammo «tinchlikni mustahkamlash uchun yanada moslashuvchan va samarali xalqaro organ» tuzish zarurligi alohida ta’kidlangan. Jurnalistlar va ekspertlar buni Tramp harakatsizligi uchun bir necha bor tanqid qilgan BMT Xavfsizlik kengashiga yangi tashkilot raqobatchi bo‘lishi mumkinligiga ishora deb baholagan.

Nizomda kengashning doimiy a’zosi bo‘lishni istagan davlatlar birinchi yil davomida 1 mlrd dollar miqdorida badal to‘lashi kerakligi ko‘rsatilgan, shu yo‘l bilan yig‘ilgan barcha mablag‘lar G‘azo sektorini tiklashga yo‘naltiriladi. Vaqtinchalik a’zolik esa bepul bo‘lib, mamlakatga uch yil muddatga beriladi.

Kengashda har bir davlat bitta ovozga ega bo‘ladi. Qarorlar ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, biroq har bir qaror kengash raisi – ya’ni Tramp tomonidan tasdiqlanishi shart. U tashkilot a’zolarining yakuniy ro‘yxatini ham tasdiqlab beradi. Hujjatda ovoz berish yiliga kamida bir marta o‘tkazilishi, qo‘shimcha yig‘ilishlar esa «rais ma’qul deb hisoblagan vaqt va joyda» chaqirilishi qayd etilgan. Ovoz berishsiz uchrashuvlar esa har chorakda kamida bir marta tashkil etiladi.

AP manbalariga ko‘ra, Davosda boshlanayotgan Jahon iqtisodiy forumi davomida kengash tashkil etilgani haqida rasmiy e’lon berilishi kutilyapti.

16 yanvar kuni Oq uy Tinchlik kengashi ijroiya kengashi a’zolari ro‘yxatini e’lon qildi. Unga quyidagilar kirgan: Tramp – kengash raisi sifatida, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff, Trampning kuyovi Jared Kushner, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler, amerikalik tadbirkor Mark Rouen (Forbes uning boyligini 8,2 mlrd dollar deb baholaydi), Jahon banki rahbari Ajay Banga, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari Robert Gebriel.

Shuningdek, AQSh Federal xaridlar xizmati komissari Josh Gryunbaum hamda AQShning Isroildagi elchisi huzuridagi sobiq katta maslahatchi Are Laytstoun katta maslahatchilar sifatida ko‘rsatilgan.

Bolgariyalik diplomat Nikolay Mladenov G‘azo bo‘yicha oliy vakil etib tayinlangan. Oq uy kengashning yangi a’zolari «yaqin haftalar ichida» e’lon qilinishini ma’lum qilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ham Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lish uchun taklif yuborilgan. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezident ma’muriyati «ushbu taklifning barcha tafsilotlarini o‘rganayotgani» va «barcha nyuanslarni aniqlashtirish uchun Amerika tomoni bilan aloqa qilishni umid qilayotgani»ni aytdi. FT ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp Putinni kengashga taklif etish orqali Rossiya yetakchisi bilan muloqotni saqlab qolishni istagan.

Taklif yuborilganlar ro‘yxati va ularning aniq soni noma’lum. OAV xabarlariga ko‘ra, taklif olganlar orasida quyidagilar bor:

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev;
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban;
Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi To Lam;
Iordaniya qiroli Abdulloh II;
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen;
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz;
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi;
Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis;
Kipr prezidenti Nikos Xristodulidis;
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif;
Kanada bosh vaziri Mark Karni;
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev;
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an;
Misr prezidenti Abdul-Fattoh as-Sisiy;
Paragvay prezidenti Santyago Penya;
Argentina prezidenti Xaver Miley;
Albaniya vazirlar kengashi raisi Edi Rama;
Braziliya prezidenti Lula da Silva;
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni;
Yangi Zelandiya bosh vaziri Kristofer Lakson;
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid