AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiya Vashington nazorati ostiga o‘tishi kerakligini aytishda davom etmoqda: seshanba kuni u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga Grenlandiyada Amerika bayrog‘i o‘rnatilayotgani ko‘rsatilgan suratni joyladi. Hozirda Oq uy rahbari Davosdagi Jahon iqtisodiy forumiga yo‘l olgan, u yerda Yevropa vakillari bilan Grenlandiya masalasida muhokamalar o‘tkazishi kutilmoqda. Shuningdek, Tramp dunyodagi eng katta orolga bo‘lgan da’volarini tushuna olmayotgan NATO yetakchilari bilan shaxsiy yozishmalarini ommaga ochiqlagan.
Seshanba kuni, Davosga uchayotganda, Tramp NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan «juda yaxshi o‘tgan» telefon muloqotidan keyin Jahon iqtisodiy forumida Grenlandiya masalasida «turli tomonlar» bilan uchrashishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.
«Men allaqachon hammaga tushuntirganimdek, Grenlandiya milliy va global xavfsizlik uchun katta ahamiyatga ega. Orqaga yo‘l yo‘q», – deya yozgan u. Tramp forumga chorshanba kuni yetib kelishi kutilmoqda.
NBC News uchun intervyusida Tramp Grenlandiyani kuch bilan bosib olishi ehtimoli haqidagi savolni ochiq qoldirgan. U agar kelishuvga erishilmaydigan bo‘lsa, Yevropa mamlakatlariga bojlar qo‘llashi haqidagi tahdidini takrorlagan.
Bu vaqtda Shimoliy Amerika Havo-kosmik mudofaasi qo‘mondonligi (NORAD) o‘z samolyotlari tez orada Grenlandiyadagi «Pituffik» harbiy bazasiga yetib borishini e’lon qildi.
NORAD’ning X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida ular Grenlandiyaga «ancha oldin rejalashtirilgan turli tadbirlar»ni o‘tkazish uchun yuborilayotgani, unda AQSh va Kanadaning kontinental hududida joylashgan samolyotlar ham ishtirok etishi aytilgan.
«Bu faoliyat Daniya qirolligi bilan muvofiqlashtirilgan va barcha qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar zarur diplomatik ruxsatnomalar bilan harakat qilmoqda. Grenlandiya hukumati ham rejalashtirilgan tadbirlar haqida xabardor qilingan», – deyiladi bayonotda.
Grenlandiyadagi yevropalik harbiylar
Dam olish kunlari Yevropaning sakkizta davlati yetakchilari qo‘shma bayonot e’lon qilib, unda Daniya bilan birdamlik bildirgan va Trampning yevropaliklarga Grenlandiya bo‘yicha pozitsiyasi uchun boj joriy etish haqidagi tahdidlari Yevropa va AQSh munosabatlarini «xavfli tig‘» ostiga qo‘yish bilan tahdid qilayotganini aytgan.
Avvalroq Tramp 1 fevraldan Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlandiya tovarlariga 10 foizlik bojlar kuchga kirishini, keyinchalik ular 25 foizgacha oshirilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.





















