Markaziy bank regulyator sifatida tijorat banklariga xat yo‘llab, kredit yoki mikroqarz bo‘yicha to‘lovlar kechikkanda qo‘llanayotgan ayrim chora va sanksiyalar yuzasidan e’tiroz bildirgan.

Tahlillar natijasida ayrim banklarda quyidagi holatlar aniqlangani aytilgan:

  • kechiktirilgan to‘lovlar uchun hisoblanadigan foiz stavkalari shartnomada belgilangan yillik stavkadan bir necha barobar oshirilib, ayrim hollarda yillik 150–180 foizgacha chiqqani;
  • foiz to‘lovi kechiktirilganda eng yuqori chegarasi belgilanmagan kunlik penya hisoblanayotgani;
  • kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha bir martalik jarimalar qo‘llanayotgani.

Markaziy bank mijoz to‘lovni kechiktirganda banklar tomonidan qo‘llanadigan choralar bank uchun “daromad manbai” emas, aksincha kompensatsion xarakterga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, bunday holatlarda “adolat va mutanosiblik” tamoyillariga qat’iy rioya qilish zarurligi qayd etilgan.