O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kanada Parlamenti Jamoalar palatasidagi “Kanada–O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisi Ziyad Abualtaif bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Senat ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar davomida O‘zbekiston va Kanada o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni izchil rivojlantirish va mustahkamlash borasida tomonlarning o‘zaro manfaatdorligi qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasining 2025 yil 26–27 noyabr kunlari Kanadaga amalga oshirgan tashrifi hamda Kanada parlamentida “O‘zbekiston kuni”ning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani yuqori baholandi.
Uchrashuvda “O‘zbekiston – Kanada” birinchi parlamentlararo forumini 2026 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Bundan tashqari, Kanada delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, jumladan muhim minerallar, qishloq xo‘jaligi, toza energetika, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida qo‘shma “O‘zbekiston – Kanada” biznes forumini o‘tkazish taklifi ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni rivojlantirish yo‘lida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini ta’kidladi.











