Jamiyat | 16:21
1986
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘lib ketmaslik uchun urushga bordim” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit 

26 yoshida ishlab pul topish uchun Rossiyaga borgan namanganlik yigitning ko‘rgani qamoq, xo‘rlash va tazyiqlar, urush, orttirgani esa turli tan jarohatlari bo‘ldi. Ko‘plar Rossiya–Ukraina urushiga borib halok bo‘layotgan bir paytda bu shaxs tirik qolish uchun urushga borganini aytgan: “karser” zax, devorlari yorilgan va havosi juda sovuq, ovqatga ataylab cho‘chqa go‘shti qo‘shishadi, suvni ham o‘chirib qo‘yishadi. O‘lib ketmaslik uchun shartnoma imzolashga rozi bo‘ldim”, degan u sudda.

Foto: RIA Novosti

Namanganda Rossiya armiyasiga yollangan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1995 yilda tug‘ilgan R.S. 2021 yilning 2 oktyabr kuni ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga borgan. 2022 yilning yanvar oyida u narkotik moddalar savdosida ayblanib qo‘lga olingan. 2023 yil avgustda esa narkojinoyatda aybli deb topilib, 9,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.  

2024 yil sentabrda harbiy xizmatchilar R.S. jazo muddatini o‘tayotgan jazoni ijro etish muassasasiga kelib, mahkumlarga “Rossiya–Ukraina” urushida Rossiya tomonidan ishtirok etishni taklif qilgan. Buning uchun jazodan ozod etish, katta miqdordagi maosh hamda Rossiya fuqaroligi va’da qilingan.

2025 yil yanvar oyida R.S. Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma imzolagan. Biroq u sudda shartnomani moddiy manfaat ko‘zlab emas, qamoqxonada o‘lib ketmaslik uchun imzolashga majbur bo‘lganini bildirgan.

2021 yil 2 oktyabrda ishlash uchun Rossiyaga borib, yo‘lovchi tashish, turli mahsulotlarni bir joydan ikkinchi joyga yetkazib berish bilan shug‘ullana boshladim. 2022 yil 21 yanvar kuni dori vositalarini aytilgan manzilga olib borayotganimda militsiya xodimlari ushladi. So‘ng sud tomonidan 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindim.

2024 yil sentabr oyidan boshlab harbiy xizmatchilar jazoni ijro etish muassasasiga kelib, Ukrainaga qarshi urushga borish taklifini bildira boshladi. Urushga borish evaziga afv etish, Rossiya fuqaroligini berishni taklif qilishdi. Dastlab bu taklifga hech kim rozi bo‘lmadi. Shundan so‘ng oktyabr oyidan boshlab qamoqxona ma’muriyati rus millatiga mansub bo‘lmagan barcha mahbuslarni besabab qattiq rejimdagi izolyator, ya’ni “karser”ga kiritishni boshladi.

Meni ham 2024 yil 3 oktyabr kuni “karser”ga kiritishdi. “Karser”ning sharoiti juda yomon – zax, devorlari yorilgan va havosi juda sovuq edi. Shuningdek, “karser”dagilarning ovqatiga ataylab cho‘chqa go‘shti qo‘shib berishar, suvni ham o‘chirib qo‘yishardi. Shu bilan birga bizga psixologik va jismoniy tazyiq o‘tkazishdi.

Shu orada qamoqxona boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari kim urushga ketishga rozi bo‘lsa va bir yillik shartnomaga imzo qo‘ysa, “karser”dan chiqishini, agar imzo qo‘ymasa, chiqmasligini hamda shu yerda o‘lib ketishini aytdi. Sharoit og‘irligi sabab hamda o‘lib ketmaslik uchun 2025 yil 4 yanvar kuni majburlikdan jazo muddatini o‘tayotgan boshqa shaxslar bilan bir yillik shartnomaga imzo qo‘ydim”, degan R.S. suddagi ko‘rsatmasida.

Shundan so‘ng 2025 yil 5 yanvar kuni shartnomani imzolagan mahkumlar Donetskning Metalist qishlog‘ida joylashgan dala poligoniga olib borilgan. Ularni 10 kun davomida tayyorgarlikdan o‘tkazishgan. 2025 yil 15 yanvar kuni esa Zverova qishlog‘i yo‘nalishidagi jang maydoniga olib borishgan.

Jang maydoniga kirishdan oldin bizni avtomat, bronojilet, kaska, 4 ta o‘qdon va 4 ta granata bilan qurollantirishdi. Bizga oddiy askar harbiy unvoni va motoo‘qchi lavozimi berildi. Jangga kirish oldidan qism komandiri kim jang maydonidan ortiga qaytsa, ya’ni chekinsa, o‘sha zahoti otib o‘ldirilishi to‘g‘risida buyruq berdi.

Shundan so‘ng jangovar harakatlarga kirib ketdim. 2025 yil 16 yanvar kuni sheriklarimning barchasi ukrainalik harbiylar tomonidan amalga oshirilgan hujum oqibatida vafot etdi. Ushbu hujumda chap qo‘lim, ikki tizzam, ko‘krak qafasim, qovurg‘am va bo‘ynimdan jarohatlandim”, degan u.

R.S. jarohat olgach, Yekaterinburg shahridagi harbiy gospitalga yuborilgan. Uni 2025 yil 25 yanvaridan 21 mart kuniga qadar turli hududlardagi harbiy gospitallarga olib borib, davolashgan. U 21 mart kuni harbiy gospitaldan qochib chiqqan hamda vatanga qaytish guvohnomasini olgan holda 28 martda O‘zbekistonga qaytib kelgan.  

JIB Namangan tuman sudining hukmi bilan R.S. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Avvalroq Rossiya–Ukraina urushida qatnashgan sirdaryolik yigit jinoiy jazoga tortilgandi

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров

Mavzuga oid