Xitoyda Myanmadagi onlayn firibgarlik markazlari (skam-markazlar) tarmog‘ini boshqarishda ayblangan Min oilasining 11 nafar a’zosiga nisbatan o‘lim hukmi ijro etildi, deb xabar bermoqda Xinhua agentligi.
Skam-markazlar Janubi-Sharqiy Osiyoda jiddiy muammo bo‘lib, xitoyliklar ko‘pincha onlayn firibgarlik qurboniga aylanishadi.
Min sindikati a’zolari 2023 yil noyabrida, Myanmaning Xitoy bilan chegarasi yaqinidagi hududda qo‘lga olingandi.
Sindikat a’zolari 2025 yil sentabridagi sud majlisida qotillik, noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish va firibgarlikda aybdor deb topilib, o‘limga hukm qilingandi. Noyabrda oliy instansiya sudi apellyatsiyani rad etdi va 29 yanvar kuni hukm ijro qilindi.
Sud qaroriga ko‘ra, skam-markazlar va kazino biznesi orqali Min oilasi 2015 yildan 2023 yilga qadar bo‘lgan davrda 10 mlrd yuandan ortiq (1,4 mlrd dollar) mablag‘ ishlab topgan. Ularning faoliyati Xitoyning 14 fuqarosi o‘limiga olib kelgan.
Sindikatning 2023 yilda qo‘lga olingan barcha a’zolari ham o‘limga hukm qilinmagan. 23 kishiga besh yildan umrbod qamoq jazosigacha bo‘lgan hukmlar e’lon qilingan.
Bu Xitoyda shunday ish bo‘yicha ijro etilgan birinchi o‘lim hukmi bo‘ldi. Noyabr oyida Bay sindikatining besh nafar a’zosiga ham o‘lim hukmi chiqarilgandi, shuningdek, Vey va Lyu guruhlari a’zolari ustidan sud jarayoni davom etmoqda.
Xitoyda qancha odam qatl etilishi haqida aniq ma’lumot yo‘q: bunday statistika davlat siri hisoblanadi. Huquq faollari esa Xitoy – jahonda qatllar bo‘yicha yetakchi ekanini da’vo qilishadi.
Min sindikati o‘z faoliyatini asosan Laukkay shahrida olib borgan, bu hudud 2023 yil noyabriga qadar Myanmadagi harbiy xunta nazoratida bo‘lgan, keyin esa mahalliy isyonchilar qo‘liga o‘tgan.
Laukkay – Xitoy bilan chegaradagi Kokan avtonom regionida joylashgan shahar bo‘lib, bu yerda asosan Birma xitoylari istiqomat qiladi. 2000-yillarda bu shaharcha asta-sekinlik bilan xaroba hududda kazinolar fohishaxonalar markaziga aylanadi.
Keyin bu yerda onlayn-firibgarlikka ixtisoslashgan skam-markazlar ham paydo bo‘ladi. Shahardagi shunday markazlardan eng yirigi Crouching Tiger Villa (Uyqudagi yo‘lbars villasi) kompleksi bo‘lib, uni Min sindikati rahbari, muqaddam Myanma parlamenti deputati bo‘lgan Min Syuechan boshqaradi.
Oilaning asosiy daromadi dastlab qimor o‘yinlari va fohishabozlik, keyin esa onlayn firibgarlik edi – ularning tuzog‘iga tushgan shaxslar qullikda ushlab turilgan va majburan ishlatilgan, qochishga uringanlar esa o‘ldirilgan. Xitoy nashrlariga ko‘ra, Min oilasi o‘z faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etish uchun kamida 10 ming kishini jalb qilgan.
















