Jamiyat | 14:26
3562
4 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda pul uchun Rossiya armiyasiga yollangan 60 yoshli shaxs 5 yilga qamaldi

Afg‘on urushi qatnashchisi bo‘lgan erkak moddiy manfaat uchun Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan. U motoo‘qchi bataloni evakuatsiya bo‘limining mexanik haydovchi-kranchisi harbiy lavozimida xizmat qilgan. O‘zbekistonga qaytgach esa YTH sodir qilib, bir kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan.

Foto: Kun.uz

Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlik jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1966 yil Sirdaryo tumanida tug‘ilgan R.B. 2023 yil 5 aprel kuni ishlab pul topish maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga borgan. U avvaliga payvandchilik faoliyati bilan shug‘ullangan. So‘ngra rus millatiga manub Viktor ismli shaxsning taklifiga asosan moddiy manfaatni ko‘zlab, Rossiya armiyasiga yollangan.

R.B. Sankt-Peterburg shahridagi harbiy qism bilan 2023 yil 17 iyundan 2024 yil 16 iyunga qadar bo‘lgan muddatda harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha shartnoma imzolagan. U harbiy qism motoo‘qchi bataloni evakuatsiya bo‘limining mexanik haydovchi-kranchisi harbiy lavozimiga qabul qilingan.

Shundan so‘ng R.B. o‘ziga biriktirilgan avtomat bilan 2024 yil 16 iyunga qadar Donetskda Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.

 Bir yillik shartnoma muddati tugagach R.B. O‘zbekistonga qaytgan. 2025 yil 4 yanvar kuni u o‘ziga tegishli Nexia mashinasini Sardoba tumani Paxtakor mahallasi hududida boshqarib borayotib, yo‘l chetida ketayotgan ikki piyodani urib yuborgan. Oqibatda piyodalardan biri J.A. og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

R.B. YTH epizodi bo‘yicha JIB Sardoba tuman sudining 2025 yil 9 iyundagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir qilishda aybdor deb topilgan. Unga 3 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo shartliga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilangan.

Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani ma’lum bo‘lgach, R.B.ga ushbu qilmish uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. JIB Sardoba tuman sudining 2025 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan R.B. chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish jinoyatini sodir qilgan deb topilgan. Unga 34 mln so‘m jarima va 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, JIB Sardoba tuman sudining 2025 yil 9 iyundagi hukmi bilan tayinlangan jazoning shartliligi bekor qilinib, uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llangan.

R.B. apellyatsiya shikoyatida aybiga iqrorligini, jinoyatni oqibatini tushunib yetmasdan sodir etganini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini hamda Afg‘on urushi qatnashchisi va 2-guruh nogironi ekanini aytib, suddan yengillik berishni so‘ragan. Ammo Sirdaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2026 yil 27 yanvardagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Avvalroq namanganlik yigit Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun jinoiy jazoga tortilgan edi. U “o‘lib ketmaslik uchun” urushga borishga majbur bo‘lganini aytgandi

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров

Mavzuga oid