Jyeffri Epshteyn ishi bugun AQSh siyosatida eng keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda. E’lon qilinayotgan fayllar moliyaviy va siyosiy elita vakillari o‘rtasidagi yopiq aloqalarni ochib beryapti. Natijada ham Amerika jamiyati, ham dunyo miqyosida AQSh elitasining obro‘yi to‘kilib boryapti.
Bu haqda Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Islomxon Gaffarov so‘z yuritdi.
Kamoliddin Rabbimov: Jeffri Epshteyn – bugun AQSh ichki siyosiy maydonida eng katta rezonans uyg‘otgan masalalardan biriga aylangan. Amerika jamiyatida asosiy savol shundan iborat: Epshteyn fayllarida kimlarning ismi tilga olingan, ular qaysi epizodlar sabab qayd etilgan va bu shaxslarning jinoyatlarga aloqadorlik darajasi qanday?
Qisqacha aytganda, Jyeffri Epshteyn universitetni endigina bitirgan paytidayoq moliya tizimiga kirib kelgan. U aslida moliya sohasida tahsil olmagan, balki matematika o‘qituvchisi bo‘lgan. Ma’lum vaqt xususiy maktablarda boy va nufuzli oilalarning farzandlariga repetitorlik qilgan. Aynan shu jarayonda u o‘quvchilarning ota-onalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatib, moliyaviy muhitga kirib borishga muvaffaq bo‘lgan. Uning matematik salohiyati va intellektual qobiliyati yuqori bo‘lgani aytiladi. Vaqt o‘tishi bilan Epshteyn moliyaviy sxemalarini kengaytirib, katta mablag‘lar bilan ishlay boshlaydi va asta-sekin AQSh siyosiy elitasiga yaqinlashadi. Bu jarayon oxir-oqibat uni yuqori darajadagi siyosiy va moliyaviy doiralar bilan chambarchas bog‘lab qo‘yadi.
Keyinchalik u AQShning Virjiniya orollaridan kichik xususiy orolni sotib oladi. Bu orol Epshteyn faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Bu yerda aeroport bo‘lmagan, orolga asosan vertolyot yoki kichik samolyotlar orqali yetib borilgan. Orol yopiq hudud bo‘lgani sababli, ommaviy axborot vositalari u yerda nimalar sodir bo‘layotganini kuzata olmagan.
Tropik hududda joylashgan bu maskanda AQSh va G‘arb elitasining vakillari uchun yopiq, norasmiy tadbirlar o‘tkazilgani aytiladi. Epshteyn aynan shu yo‘l orqali ishonch qozonib, o‘z biznes manfaatlarini ilgari surgan. OAV va tergov materiallarida faqat AQSh emas, balki Yevropa elitasiga mansub ayrim shaxslarning ham bu orol bilan aloqadorligi tilga olinadi. Jumladan, Buyuk Britaniya qirollik oilasi a’zosi, hozirgi qirol Charls IIIning ukasi shahzoda Endryu bilan bog‘liq mojaro keng muhokama qilingan. Bu aloqalar fosh bo‘lgach, u barcha qirollik unvonlari va imtiyozlaridan mahrum etilgan.
Epshteyn 2019 yilda qamoqda, o‘z joniga qasd qilib vafot etgani haqida rasmiy ma’lumot berilgan. Lekin uning o‘limi, jasadi qayerga qo‘yilgani va voqea tafsilotlari bo‘yicha ochiq va aniq javoblar yo‘qligi – fitna nazariyalarining kuchayishiga sabab bo‘ldi.









