Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligida tekshiruv: milliardlab zarar aniqlandi
Joriy yil yanvar oyi boshida tuzilgan ishchi guruh Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli hududlarda o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan maqsadli foydalanish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazdi. Natijada yerdan foydalanish tartibi buzilgani, ijara to‘lovlari undirilmagani hamda noruda materiallar noqonuniy qazib olingani aniqlandi. Bir qator mansabdor shaxslar pora olish holatlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Foto: Videodan kadr
Joriy yil yanvar oyi boshida tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli yerlardan maqsadli foydalanish borasida jiddiy qonunbuzarliklar aniqlandi.
Muassasa mansabdor shaxslarining o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashuvi natijasida xo‘jalik yer maydonlarini ijaraga olgan 5 nafar tadbirkor tomonidan tegishli tashkilotlar ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlar qurilgan, yer uchastkalari ixtisoslashuvi o‘zgartirilgan. Bu holatlar davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan.
Shuningdek, 460 nafar ijarachidan ijara pullari undirilmagani oqibatida davlat manfaatlariga 1 mlrd 480 mln so‘m zarar yetkazilgani qayd etildi.
O‘rmon xo‘jaligi mansabdorlari ayrim ijarachilar bilan til biriktirgan holda 2023–2025 yillar davomida jami 5356 m³ noruda materiallarni noqonuniy qazib olgani, natijada davlatga 1 mlrd 322 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani bildirildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 193-, 196-1-, 207- va 229-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tezkor tadbirlar natijasida bir qator pora olish holatlari ham fosh etilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligining bo‘lim o‘rmonbegisi avval xo‘jalik balansida bo‘lgan, keyinchalik tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan yerlarning 20 sotix qismini tanishlari orqali Chust tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan fuqaroga turar-joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davomida ushbu mablag‘dan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat kadastrlar palatasining Pop tuman filiali mutaxassisi ham ushlangan. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibini buzgan holda mahalliy tadbirkorga xo‘jalik balansidagi 50 sotix yer maydonini shartnoma asosida ijaraga berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan. U oldindan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu mansabdor shaxs muqaddam bir necha bor sudlangan bo‘lishiga qaramasdan, berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmagan.
Mavzuga oid
08:29 / 02.02.2026
Chegara orqali noqonuniy dori olib kirishga uringan shaxs qo‘lga tushdi
17:49 / 30.01.2026
Bahodir Qurbonov O‘FA prezidentligiga qayta saylandi
16:57 / 28.01.2026
Navoiyda oltin qazish faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanib kelgan guruh ushlandi
13:16 / 22.01.2026