2027 yil 1 yanvardan davlat xaridlarida kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlarining ishtirokini kengaytirish maqsadida xarid predmetini texnologik zanjirlar, funksional bosqichlar va ish turlari kesimida alohida lotlarga bo‘lish amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, korporativ buyurtmachilarda “professional xaridor” sertifikatiga ega mutaxassislar mavjud bo‘lmasa, 2028 yil 1 yanvardan ularning davlat xaridlarida ishtirok etishi taqiqlanishi belgilangan.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyuldan vositachi-broker va (yoki) dilerlarga ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma tuzish orqali ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni davlat xaridlarida sotish huquqi beriladi.
2026 yil 1 apreldan esa budjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham ishtirok etganda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taklif etilgan eng past import tovar narxiga nisbatan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi qo‘llanadi:
- 3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etsa — 15 foiz;
- 2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etsa — 12 foiz;
- 1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etsa — 8 foiz.











