Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tashiyev bir necha kun oldin Germaniyaga uchib ketgan – manba
U o‘z iste’fosi haqida prezident farmoni chiqqanidan keyin xabar topgan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq raisi Qamchibek Tashiyev bir necha kun oldin Germaniyaning Myunxen shahriga uchib ketgandi. Bu haqda Kaktus.media nashri vaziyatdan xabardor manbalarga asoslanib xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, unda rejali tibbiy muolajalar amalga oshiriladi – uni yuragidagi og‘riq bezovta qilgan.
U 2021 yilda ham Germaniyada jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgan – o‘shanda uning yuragiga yaqin joydagi tromb olib tashlangan.
O‘z navbatida, «Region» telekanali bosh direktor Otkurbek Raxmanov (u qo‘mita sobiq raisiga yaqin shaxs hisoblangan) Qamchibek Tashiyev o‘z iste’fosi haqida prezident farmoni chiqqanidan keyingina xabar topgani haqida xabar berdi.
Bugun, 10 fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyevning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi farmonni e’lon qildi.
Tashiyev bilan birga uning yana 3 nafar o‘rinbosari ham lavozimidan ozod etilgan.
«Men bu qarorni, eng avvalo, davlatimiz manfaatlarini ko‘zlab, jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida tarqoqlikka yo‘l qo‘ymaslik, aksincha – birdamlikni mustahkamlash maqsadida qabul qildim», – deya izoh bergan prezident.
Qo‘mita rahbarligini endi uning o‘rinbosarlaridan biri – qo‘mitaning 9-xizmati (Davlat qo‘riqlash xizmati) boshlig‘i Jumg‘albek Shabdanbekov egallaydi. Uning nomzodi qo‘mita raisi lavozimiga tayinlash uchun Qirg‘iziston Jogorku Keneshiga kelishish uchun kiritiladi.
Shuningdek, Xavfsizlik kengashi kotibi Rustam Mamasodiqov ham lavozimidan ozod etilib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan.
Qamchibek Tashiyevning tarixi

Qamchibek Tashiyev 1968 yil Jalolobod viloyati Suzoq tumanida tug‘ilgan.
1992 yilda Tom politexnika universitetini tamomlagan (mutaxassisligi – muhandis-ximik texnolog), 1998 yilda esa Qirg‘iziston davlat milliy universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirgan.
1990-yillarda u «Taymuras» sport klubiga egalik qilgan, shuningdek, tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. 2000-yillar boshida siyosatga kirib kelib, 2002-2003 yillarda bosh vazir apparati boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan, 2003-2005 yillarda Bishkek shahri Lenin tumani rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2006 yilda «Ata Jurt» partiyasi rahbariga aylanadi, 2005 va 2010 yillarda parlament deputatligiga saylangan. 2007-2009 yillarda Qirg‘iziston favqulodda vaziyatlar vazirligini boshqargan.
U 2011 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida qatnashib, 14,32 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
2012 yil oktyabr oyi boshida Bishkekda Qumtor ishiga qarshi o‘tkazilgan miting rahbarlaridan biri bo‘lgan, parlamentni shturm qilishda qatnashgan. Ko‘p o‘tmay Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan qo‘lga olingan. 2013 yilda sud uni bir necha moddalarda aybdor deb topib, 1 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etgan.
Tashiyev 2015 yilgi prezidentlik saylovlarida ham qatnashishga harakat qiladi, ammo Markaziy saylov komissiyasi saylovoldi tashqivotini buzgani hamda «Onuguu-Progress» partiyasi vakili Abdumannop Abduvahabovni kaltaklagani uchun uning nomzodini saylov byulletenidan olib tashlaydi.
2020 yil avgustidan «Mekenchil» partiyasi rahbari sifatida yana parlamentga qaytadi.
2020 yil oktyabr voqealaridan keyin Sadir Japarov qamoqdan chiqarilib, prezidentlikka olib kelinganida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimini egallaydi.
2021 yil fevralida general-leytenant, 2024 yil avgustida general-polkovnik unvonini olgan. 2022 yil Qirg‘iz Respublikasi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
U so‘nggi olti yil mobaynida prezident Sadir Japarovning eng yaqin va ishonchli kishisi sifatida mamlakatdagi ikkinchi eng qudratli odamga aylangandi. Uning iste’fosi mamlakatda shu yil o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan muddatidan oldingi prezidentlik saylovlari bilan bog‘lanmoqda. Ba’zi ekspertlar Tashiyev saylovga o‘z nomzodini qo‘yishi mumkinligini aytgandi.
Mavzuga oid
16:01
Qamchibek Tashiyev ishdan ketdi
11:17
YeI ilk bor uchinchi davlatlar portlariga sanksiya qo‘llashni ko‘rib chiqmoqda
17:38 / 09.02.2026
«Bishkeklik manyak» tergov izolyatori kamerasida jonsiz holda topildi
21:14 / 04.02.2026