Jahon | 15:06 / 11.02.2026
1560
4 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament boshpana berish bo‘yicha yanada qat’iy qoidalarni ma’qulladi

Yevroparlament deputatlari migratsiya qonunchiligini qat’iylashtiradigan ikki qonunni qabul qildi. Ular “xavfsiz mamlakatlar” ro‘yxatini ma’qulladi va boshpana so‘rovchilarni ular bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan uchinchi davlatlarga yuborishga ruxsat berdi.

Foto: Gonzalo Fuentes/REUTERS

Yevroparlament (YeP) YeIda boshpana berishga oid yangi, yanada qat’iy qoidalarni yakuniy tarzda ma’qulladi. Seshanba kuni, 10 fevralda Strasburgdagi majlisda 408 nafar deputat “xavfsiz uchinchi mamlakatlar” ro‘yxatini tuzishni qo‘llab-quvvatladi. YeP saytida xabar qilinishicha, endilikda Bangladesh, Misr, Hindiston, Kolumbiya, Kosovo, Marokash va Tunis “xavfsiz mamlakatlar” deb hisoblanadi.

“Xavfsiz mamlakatlar” ro‘yxatini tasdiqlashga 184 nafar yevroparlament a’zosi qarshi chiqqan, yana 60 nafar deputat betaraf qolgan. Bunday ro‘yxatning shakllantirilishi YeIda boshpana olish jarayoniga ta’sir qiladi: bu mamlakatlardan kelganlar arizalari endilikda tezroq ko‘rib chiqiladi va ko‘p hollarda rad etiladi.

Bundan tashqari, agar mazkur davlatlarda urush yoki inson huquqlariga jiddiy tahdidlar bo‘lmasa, YeIga a’zo bo‘lishga nomzod mamlakatlar (jumladan, Serbiya va Turkiya) ham “xavfsiz” deb hisoblanadi. Hozirgacha bunday ro‘yxatlarni YeIning ayrim a’zo davlatlari, jumladan Germaniya ham, alohida yuritib kelgan.

Shuningdek, Yevroparlament “xavfsiz uchinchi mamlakatlar” konsepsiyasini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi reglamentni ham ma’qulladi. Unga 396 nafar deputat ovoz bergan, 226 nafar qarshi chiqqan, yana 30 nafar betaraf qolgan. Yangi qoidalar YeI davlatlariga qochqinlarni ular bilan hech qanday bog‘liqligi bo‘lmagan mamlakatlardagi boshpana berish markazlariga deportatsiya qilish imkonini beradi.

Bunday model avval Buyuk Britaniyada sinab ko‘rilgan va “Ruanda modeli” deb atalgan. YeI davlatlari uchinchi mamlakatlar bilan boshpana so‘rovchilarni qabul qilish haqida kelishuvlar tuzishi mumkin, so‘rovchilar esa arizalarini o‘sha davlatlarda topshirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, quyidagi hollarda YeIda boshpana so‘rovi rad etilishi mumkinligi qayd etilgan: agar ariza beruvchi xavfsiz uchinchi mamlakat orqali o‘tgan bo‘lsa va u yerda “samarali himoya” so‘rash imkoniyatiga ega bo‘lgan bo‘lsa yoki agar bu mamlakat YeI bilan boshpana izlovchilarni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga ega bo‘lsa (hamrohsiz voyaga yetmaganlar bundan mustasno).

Bu qoidalar YeIning migratsiya va boshpana berish sohasidagi chora-tadbirlar paketiga kiradi, u 2026 yil iyun oyida kuchga kirishi kerak. Ayrim normalar esa bundan ham oldin qo‘llanishi mumkin. Bu qaror hali YeI kengashi tomonidan rasmiy tasdiqlanishi talab etiladi.

Bundan oldin DW yozishicha, YeIning yangi migratsiya strategiyasida RF va Belarus dushman davlatlar sifatida talqin qilinadi; vizalar strategiyasida ular to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmasa-da, ular fuqarolariga viza berish “maqsadga muvofiq emas” deb topilishi mumkin. Shu bilan birga, YeIda ham RF, ham Belarus bilan readmissiya (qabul qilish-qaytarish) to‘g‘risida kelishuv bor — demak, har ikki davlat hali ham migrantlarni qaytarish mumkin bo‘lgan joylar sifatida qaraladi.

“Gumanitar vizalar” esa hali ham berilishi mumkin, ammo har bir holat alohida — istisno tarzidagi shaxsiy vaziyatlar asosida ko‘rib chiqiladi. Biroq YeIga a’zo davlatlar boshpana so‘ramoqchi bo‘lgan shaxslarga gumanitar viza berishga majbur emas, shu bilan birga, ayrim hollarda, hatto odatiy kirish shartlari bajarilmagan bo‘lsa ham, individual tarzda bunday vizalar berilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid