Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xizmat uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan profilaktika inspektori 12 yilga qamaldi
Olmazor tumanidagi Shon-shuhrat mahallasi profilaktika inspektorining xizmat uyidan 10,5 kg “Alfa-PVP” va 4 gr “Spays” sintetik narkotiklari topilgan. Ichki ishlar xodimi giyohvandlik vositasini suyuq ko‘rinishda olib, narkolaboratoriyasida quritgan hamda “zakladka” usulida xaridorlarga tarqatib kelgan. “Xizmat haqi”ni esa kriptovaluta ko‘rinishida olgan.
Foto: Kun.uz
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida sudya Alisher Turg‘unov raisligida profilaktika inspektori xizmat uyida narkolaboratoriya tashkil qilganiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
“Zakladchik”dan narkolabaratoriyagacha
Tergov materiallariga ko‘ra, 1995 yilda tug‘ilgan B.T. 2019 yil dekabridan Olmazor tumani IIO FMB 1-son IIB profilaktika inspektori, 2023 yildan Olmazor tumanidagi “Shon-shuhrat” MFY profilaktika inspektori vazifasida ishlab kelgan.
Profilaktika inspektori 2025 yil aprel oyida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston hududida Telegram orqali sintetik giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi profil egasiga “zakladchik” sifatida yollangan. U 2025 yil sentabrga qadar ushbu profil egasining topshirig‘iga asosan sintetik giyohvandlik moddalarini qabul qilib, ularni kichik bo‘laklarga qayta qadoqlagan holda “zakladka” ko‘rinishida tarqatish bilan shug‘ullangan. “Uchastkavoy” o‘z “xizmat haqini” kriptovalutada olib kelgan.
B.T. 2025 yil avgust oyi boshida profil egasining ko‘rsatmasiga asosan turli sintetik giyohvandlik moddalarini qo‘lbola usulda ishlab chiqarishga mo‘ljallangan laboratoriya tashkil etishni rejalashtirgan. Ushbu rejaga asosan u atrofdagilarda shubha uyg‘otmaslik hamda xizmat joyidan uzoqlashmaslik maqsadida narkolaboratoriyani o‘z xizmat uyida tashkil etgan. So‘ngra onlayn yo‘riqnomaga asosan laboratoriyada turli asbob-uskunalar va boshqa vositalardan foydalangan holda mefedron sintetik giyohvandlik moddasini tayyorlagan.
Shu tariqa xodim o‘zi tayyorlagan giyohvandlik vositasini “zakladka” usulida yashirib, shartli manzil surati va lokatsiyasini profil egasiga jo‘natib kelgan. Buning evaziga har bir “zakladka” uchun kripto-aktiv ko‘rinishida 1 500 (bir ming besh yuz) dollar haq olgan.
Profilaktika inspektori 2025 yil 27 iyuldan 27 sentabrga qadar o‘z kripto-hamyoniga 10 831 dollar qabul qilgan hamda 10 112 dollar o‘tkazish bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirgan. Shu tariqa u kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni ham buzgan.
“Uchastkavoy”ning ushlanishi
2025 yil 27 sentabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda oldindan tezkor kuzatuvga olingan B.T. xizmat uyidan chiqqan vaqtda to‘xtatilib, xizmat uyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Tintuvda turli sintetik giyohvandlik moddalarini tayyorlash va qadoqlash uchun mo‘ljallangan 335 dona asbob-uskunalar topilgan. Shuningdek, xonadondan 10,5 kg “Alfa-PVP” va 4 gr “Spays” sintetik narkotiklari, shuningdek, giyohvandlik moddalarini tayyorlashda foydalaniladigan 588 gr suyuqlik topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, profilaktika inspektorining Toshkent tumanidagi doimiy yashash xonadoni ham tekshirilgan. Xonadonda yerga ko‘mib, yashirib qo‘yilgan taxminiy og‘irligi 430 gr bo‘lgan “Alfa-PVP” narkotik moddasi borligi ham aniqlangan.
“Oson pul topmoqchi edim”
B.T. sodir qilgan jinoiy harakatlaridan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini, ushbu qilmishlarni oson pul topish ilinjida sodir qilganini bildirgan.
“2025 yil aprel oyida Instagram’da “gruzo-perevozka, zarplata 1000 dollarov” nomli e’longa ko‘zim tushib qoldi. Ushbu e’lon menda qiziqish uyg‘otdi. Sababi, institutni transportda yuk tashish va logistika yo‘nalishida tamomlaganman. E’lon ostida qoldirilgan Telegram profilga kirganimda u yerda bot orqali ish yuzasidan turli savollarga javob berilayotganini ko‘rdim.
O‘sha vaqtda Spark mashinam bo‘lgan. Ushbu mashina ijara asosida olingandi va men uning to‘loviga qiynalayotgandim. Shu sababli, aynan institutda o‘qigan mutaxassisligim bo‘yicha qo‘shimcha ish izlagandim”, degan u tergovdagi ko‘rsatmasida.
Shu tariqa profilaktika inspektoriga Telegram orqali “Ariston” nomli profil egasi aloqaga chiqqan. Turli savol-javoblardan keyin profil egasi bir nechta topshiriq bergan holda “uchastkavoy”ni sinab ko‘rgan. Biroq bu “zakladka”larda narkotik modda emas, turli buyumlar bo‘lgan. Profilaktika inspektori ishonchni oqlagach, unga “Mixail Palovich” nomli profil egasi aloqaga chiqqan va haqiqiy narkojinoyat shu nuqtadan boshlangan.
“2025 yil aprel oyidan iyul oyi boshiga qadar “Mixail Palovich” nomli akkaunt foydalanuvchisining topshiriqlariga asosan Yangiyo‘l, O‘rta Chirchiq va Bektemir tumanlari hududidagi turli manzillarga yashirib ketilgan mefedron giyohvandlik vositasini olib, ularni Toshkent shahri hududiga yashirib kelganman. O‘zim tomonimdan har bir yetkazilgan giyohvandlik vositasi uchun 100-150 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini kripto-aktiv ko‘rinishida kripto-hamyonimga qabul qilib olganman.
2025 yil iyul oyi o‘rtalariga kelib “Mixail Palovich” nomli akkaunt foydalanuvchisi menga aloqaga chiqdi. U Sim-karta yashirilgan joyning geolokatsiyasini yubordi va uni olib, telefonga o‘rnatishim kerakligi haqida topshiriq berdi. Men topshiriqni bajardim. Oradan biroz vaqt o‘tib, qo‘ng‘iroq bo‘ldi va qo‘ng‘iroq qilgan shaxs menga pochta jo‘natmasi borligini aytdi. Men u bilan Toshkent shahridagi avtovokzal yaqinida ko‘rishib, undan hajmi katta bo‘lgan usti polietilen paket bilan o‘ralgan qutini qabul qilib oldim. U Qozog‘iston davlat raqam belgisi taqilgan Gazel yuk mashinasida edi.
Qabul qilib olgan qutimni Toshkent viloyati hududiga olib chiqib, yo‘l chetidagi dala maydoniga yashirdim hamda uning fotosurati va geolokatsiyasini “Mixail Palovich”ga yubordim. Buning evaziga 500 AQSh dollari miqdoridagi kriptovaluta oldim.
Bu holat yana bir necha bor takrorlandi. Ushbu holatlarda ham katta hajmdagi qutilarni asosan Toshkent shahridagi avtovokzal yaqinida turli haydovchilardan qabul qilib olib, Toshkent viloyati hududida yashirib kelganman.
2025 yil avgust oyi boshida navbatdagi topshiriqqa asosan Toshkent shahri avtovokzali yaqinida qutini qabul qildim. “Mixail Palovich” nomli profil egasi pochtani qabul qiluvchi tayyor emasligini aytib, qutini ishonchli joyga yashirib qo‘yishim haqida topshiriq berdi. Quti ichida giyohvandlik vositalariga aloqador bo‘lgan narsalar bo‘lganini tushunib, uni yashash manzilimga olib borishdan qo‘rqdim va xizmat uyiga yashirishga qaror qildim.
Ushbu voqeadan bir kun o‘tib, “Mixail Palovich” nomli profil egasi menga aloqaga chiqdi va pochtani qabul qilib olishga odam yo‘qligini, qutida giyohvandlik vositasining suyultirilgan ko‘rinishi mavjud ekanini, uni uy sharoitida quritib, tayyor giyohvandlik vositasiga keltirish kerakligini, agarda bu ishni qilishga rozi bo‘lsam, 500 dollar xizmat haqqimga yana 1 000 dollar qo‘shib berishini ma’lum qildi. Men uning taklifini rad etib, giyohvandlik vositasini quritishni bilmasligimni aytdim. U suyultirilgan ko‘rinishdagi giyohvandlik vositasini o‘z vaqtida quritmasa, tarkibi buzilishi mumkinligini, agar uni o‘z vaqtida quritmasam pulini to‘lash mening zimmamga tushishini aytdi. Ushbu vaziyatda nima qilishni bilmasdan, uning talabini bajarishga majbur bo‘ldim”, degan profilaktika inspektori tergovdagi ko‘rsatmalarida.
So‘ngra “uchastkavoy”ga giyohvandlik vositasini quritish uchun kerakli bo‘lgan anjomlar yetkazilgan. U esa 10-15 kun vaqt mobaynida taxminan 3 kg giyohvandlik vositasini quritib, “zakladka” usulida tarqatgan.
Ushbu voqeadan keyin profilaktika inspektori o‘z qilmishidan qo‘rqa boshlagan. Chunki yuqoridagi harakatlardan so‘ng uning xizmat uyi narkolaboratoriya ko‘rinishiga kelib qolgandi. Shu sababli u jinoiy harakatlari fosh bo‘lishidan xavotirga tusha boshlagan. So‘ngra 2025 yil avgust oyi o‘rtalarida “Mixail Palovich” nomli profil egasiga u bilan boshqa ishlamasligini aytgan. Ammo 2025 yil sentabr oyi o‘rtalariga kelib, “Mixail Palovich” profilaktika inspektoriga yana aloqaga chiqib, agar yuqoridagi faoliyat bilan shug‘ullanishda davom etmasa jinoiy qilmishlarini fosh qilishini aytgan. Bu tahdiddan qo‘rqqan “uchastkavoy” ishlashni davom ettirishga rozi bo‘lgan. 2025 yil 27 sentabr kuni esa qo‘lga olingan.
Jazo
Sud hukmi bilan B.T. Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) hamda 278-8-moddasi (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topildi. Unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mavzuga oid
12:58 / 11.02.2026
Toshkentda ijaradagi uyda narkolaboratoriya tashkil qilgan talaba qo‘lga olindi
10:44 / 10.02.2026
Kompyuter o‘yinxonasida ikki bola pichoqlandi
09:11 / 05.02.2026
Olmazor tumanida “Gazel” avtomobili yonib ketdi
16:03 / 28.01.2026