Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Deputatlardan general va prezidentdan birini tanlashni talab qilishgan» - Japarov Tashiyevni ishdan olganiga izoh berdi
Qirg‘iziston prezidentining aytishicha, ayrim deputat va davlat xizmatchilarini «general» bilan qo‘rqitish hamda muddatidan oldin saylov o‘tkazish uchun imzo to‘plash boshlangan. «Qaror qabul qilishdan oldin do‘stimga vaziyatni tushuntirdim va uni asrab qoldim», deydi Sadir Japarov mahalliy OAVga bergan intervyusida.
Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Xabar» axborot agentligiga bergan intervyusida mamlakatda so‘nggi kunlardagi kadrlar almashinuvi borasida izoh berdi.
10 fevral kuni uning farmoni bilan kutilmaganda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Qamchibek Tashiyevning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Unga qo‘shilib, uning uch o‘rinbosari ham lavozimidan olingandi.
«Xabar» muxbiri Sadir Japarovdan bu o‘zgarishlar sabab sifatida tarqalayotgan xabarlar, xususan «75 kishining sirli maktubi» deb atalgan hujjat haqida so‘ragan.
«Men izoh berishni istamagan edim, ammo so‘raganingiz uchun aytaman. 2021 yilda prezident etib saylandim va o‘z majburiyatlarimni qat’iy bajardim. Davlat va butun xalq manfaatlari har qanday lavozim va do‘stlikdan ustundir.
Hammasi Jogorku Keneshdan (Qirg‘iziston parlamenti – Tahr.) boshlandi. Ayrim deputatlik guruhlari boshqa deputatlarni chaqirib, ularga: „Biz tomondamisiz yoki u tomondamisiz?“ degan savol bilan ularni ajratishga kirishdi. «Bizning tomon kim, u tomon kim?“ deb so‘ragan deputatlarga „Bizning tomon – bu general tomoni“, deya pogonlarni ko‘rsatishgan. „U tomon esa – prezident tomoni“. Shunday ish olib borilgan.
Shundan so‘ng bo‘linish ko‘chadagi „oqsoqollar“ga ham o‘tadi. Ular „yuqorida kelishilgan“, go‘yoki Jogorku Kenesh tez orada muddatidan oldin saylov e’lon qiladi, degan gaplar bilan odamlarni chalg‘itdi. Muddatidan oldin saylov o‘tkazish uchun imzo to‘plash boshlandi.
Agar men o‘z vaqtida bunday qat’iy choralarni ko‘rmaganimda, bu oddiy fuqarolarga ham o‘tishi va xalq ham ikki qismga ajralishi mumkin edi. Chunki menda deputatlar va ayrim davlat xizmatchilarini „general“ nomi bilan qo‘rqitishganiga oid faktlar bor edi. Ularga „Biz tomonga o‘tmasang, general bilan ishing bo‘ladi“, deyishgan. Aynan shu sababli men bunday qaror qabul qilishga majbur bo‘ldim.
Qaror qabul qilishdan oldin do‘stimga (Tashiyev – Tahr.) qo‘ng‘iroq qilib, bu yerda yuz berayotgan vaziyatni tushuntirdim. Uni lavozimidan ozod qilayotganimni aytdim va shundan keyin qaror chiqardim. Menimcha, bu tezkor qaror bilan, aksincha, do‘stimni asrab qoldim. Chunki oqsoqol deymizmi yoki ko‘ksoqol deymizmi, uning atrofidagilar do‘stimni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itayotgandi.
Ular Qamchibek Tashiyev nomidan foydalanib, parlament deputatlari, mas’ul davlat xizmatchilari hamda jamiyatda taniqli shaxslarga „general tomoniga o‘tinglar“, deb murojaat qilgan.
Agar men Qamchibek Tashiyevni lavozimidan ozod etmaganimda, o‘sha yo‘nalishda ishlaganlarning harakatlari tufayli bunday bayonotlar yanada faollashgan bo‘lardi. Bu davlat apparati xodimlari orasida va jamiyatda bo‘linishga, hatto qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun do‘stimni lavozimidan ozod etishga majbur bo‘ldim. Mamlakatdagi barqarorlik men uchun hammasidan ustun», – deya Japarovning so‘zlarini keltirmoqda nashr.
Shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti jamiyatda «Japarov jamoasi» va «Tashiyev jamoasi» degan tushunchalarning kadr tanlashda ahamiyati yo‘qligini aytdi.
«Kadr tayinlashda hech qanday ajratish yo‘q. Har bir tayinlov puxta tekshiruvdan o‘tadi. Avval ham Qamchibek Tashiyevga, vazirlik va idoralar rahbarlariga, Vazirlar Mahkamasi raisiga, hokimlarga bir xil talab qo‘yganman – davlat uchun ishlaydigan prinsipial va professional kadrlarni taklif qilish.
Bugun ham shu talabni saqlab qolganman. Ular aynan shu mezonlardan kelib chiqib taklif kiritadi. Shuning uchun «Japarov jamoasi» yoki «Tashiyev jamoasi» degan bo‘linish yo‘q», – deydi u.
Japarov o‘zi va Qamchibek Tashiyev o‘rtasida navbat bilan «bir muddatdan prezident bo‘lish» haqidagi kelishuvlar bo‘lmaganini bildirdi.
«Kim davlatni boshqarishini bir hovuch odam emas, Qirg‘iziston xalqi hal qiladi. „Bir muddat – u, bir muddat – bu“ degan gaplar demokratik tamoyillarga zid va siyosiy madaniyatga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday fikrlar xalqni tanlash huquqidan mahrum etishga urinish sifatida qabul qilinadi», – deydi u.
Japarov Qamchibek Tashiyev bilan do‘st bo‘lib qolishini qo‘shimcha qilgan.
«Bizning do‘stligimiz saqlanib qoladi. Qamchibek Kiydirshayevichni lavozimidan ozod etishdan oldin u bilan bog‘lanib, vaziyatni tushuntirdim va shundan keyin qaror qabul qildim. Avval aytganimdek, bu qaror davlat va xalqimiz tinchligi hamda birligi yo‘lida qabul qilindi. Do‘stligimizni biror lavozim yoki manfaat bilan bog‘lash noto‘g‘ri», – dedi u.
Shuningdek, Japarov ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilayotgani, «75 kishining murojaati» kampaniyasi va undagi qatnashchilar, deputatlar borasida tergovdan so‘ng izoh berilishini aytdi.
Japarov Qirg‘iziston parlamenti spikeri (to‘rog‘a) Nurlanbek Shakiyev iste’fosining so‘nggi voqealar, xususan «75 kishining maktubi» bilan aloqasi haqidagi savolga ham javob berdi:
«To‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi bor, deb aytmagan bo‘lardim. Balki u shu odamlar yoki ularni uyushtirgan shaxslar ta’siriga tushgandir. Balki xatosini anglab, deputatlar orasida bo‘linish boshlanishiga yo‘l qo‘yganini his etib, shunday xulosaga kelgandir», – dedi prezident.
Sadir Japarovning aytishicha, Qirg‘iziston maxsus xizmatida zamonaviy tahdidlar va global o‘zgarishlarga mos sifatli islohotlar o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
11:43 / 12.02.2026
Qirg‘iziston parlamenti spikeri ham lavozimini tark etdi
11:38 / 11.02.2026
«Kutilmagan voqea» – Qirg‘izistonning sobiq «ikkinchi odami» o‘z iste’fosi haqida
20:25 / 10.02.2026
Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi
18:17 / 10.02.2026