
Isroil hukumati 15 fevral kuni qabul qilgan qaror – Iordan daryosining G‘arbiy sohilida (West bank) muzlatib qo‘yilgan «yer-mulk huquqini rasmiylashtirish» jarayonlarini qayta boshlashga yo‘l ochadi. The Associated Press'ning yozishicha, bu shuni anglatadiki, Isroil ma’lum hududda yerlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni boshlaganda, yerga da’vosi bor har kim egalikni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Bu esa qaror mohiyatan ushbu hududlarni Isroilga de-fakto qo‘shib olish jarayonini yangi bosqichga olib chiqadi. Jumladan:
1. Yerlarni ro‘yxatga olishning tiklanishi: Isroil hukumati 1967 yildan buyon amalda bo‘lgan harbiy buyruqni bekor qildi. Ushbu buyruq G‘arbiy sohilda yerlarni rasmiy ro‘yxatga olishni (yerga egalik huquqini belgilashni) to‘xtatib qo‘ygan edi.
Endilikda Isroil hukumati bu hududlarda kimga tegishli ekani aniq bo‘lmagan yerlarni o‘zining «davlat mulki» sifatida rasmiylashtirishni boshlaydi.
2. «De-fakto anneksiya» sari qadam: Ekspertlar va xalqaro kuzatuvchilarning fikricha, bu qaror hududni rasman Isroil tarkibiga qo‘shishning huquqiy asosi hisoblanadi. Qaror Isroil to‘liq harbiy va fuqarolik nazoratini ushlab turgan G‘arbiy sohilning 60% qismi, ya’ni C hududini (C Area) qamrab oladi.
Yerlar davlat mulki deb e’lon qilingach, u yerda yahudiy aholi punktlari – posyolkalarni, yo‘llar va harbiy infratuzilmalarni qurish huquqiy jihatdan ancha osonlashadi.
3. Falastinlik yer egalari uchun qiyinchiliklar. Bu qaror mahalliy falastinliklar uchun jiddiy huquqiy to‘siqlarni keltirib chiqaradi: endi falastinliklar o‘z yerlariga egalik qilishini isbotlash uchun Usmonli imperiyasi, Britaniya mandati yoki Iordaniya davridagi hujjatlarni taqdim etishi shart.
Ammo ko‘plab oilalarda bunday rasmiy hujjatlar yo‘q yoki ular faqat an’anaviy kelishuvlarga tayanadi. Agar egalik isbotlanmasa, yer avtomatik ravishda Isroil davlati mulkiga o‘tishi mumkin.











