Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Zakladka”lardan tortib laboratoriyagacha: Toshkentda giyohvandlikka qarshi keng ko‘lamli reyd
Davlat xavfsizlik xizmati Ichki ishlar organlari hamda Bojxona idoralari bilan hamkorlikda Toshkent viloyati va Toshkent shahrida o‘tkazgan tezkor tadbirlar natijasida internet narkodo‘koni faoliyatiga aloqador shaxslar ushlandi. Tadbirlar davomida “Pregabalin”, “Tropikamid” va boshqa kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari katta miqdorda musodara qilindi.
DXX hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yuqori Chirchiq tumani hududida harakatlanayotgan “Spark” avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada unda internet tarmog‘idagi narkodo‘konga xizmat qiluvchi, 1993, 1994 va 1995 yillarda tug‘ilgan poytaxtlik 3 nafar fuqaro ketayotgani aniqlandi. Ulardan 37 dona “Tropikamid” hamda tarkibida pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi modda saqlagan 124 dona kapsula ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, internet narkodo‘konning “zakladchik”lari bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan 2 nafar shaxs ham ushlandi. Ular tomonidan “zakladka” tarzida qo‘yilgan poytaxtning turli hududlaridagi xufiya joylardan jami 1186 dona “Pregabalin” va 125 dona “Tropikamid” musodara qilindi.
Aniqlanishicha, ushbu shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Sergeli tumanida faoliyat yuritayotgan narkolaboratoriyadan olgan. Davom ettirilgan tezkor tadbirda mazkur manzil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, u yerda 1987, 1993, 1995 va 2000 yillarda tug‘ilgan 4 nafar shaxs kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ko‘zdan kechirish natijasida xonadondan 5130 dona “Pregabalin” kapsulalari va 10 kg “Pregabalin” moddasi, 75 dona flakonda “Tropikamid” hamda 6 kg “Tropikamid” moddasi, shuningdek, jami 60 ming dona bo‘sh kapsula va flakonlar, laboratoriya jihozlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Shuningdek, DXX va Bojxona idoralari hamkorligida poytaxt hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1987 yilda tug‘ilgan shaxsning Shayxontohur tumanidagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi. Natijada uning uyi va avtomashinasidan 16 227 dona “Pregabalin”, 7 947 dona “Regapen”, 35 dona “Lirika” va 14 dona “Perge” — jami 24 223 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.
Tergovga qadar tekshiruvga ko‘ra, mazkur shaxs ushbu dori vositalarini Qirg‘izistondan Farg‘ona viloyati hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan shaxslardan 34 ming AQSh dollari evaziga sotib olgani va keyinchalik Toshkent shahrida qayta sotish orqali mo‘may daromad topishni maqsad qilgani ma’lum qilinmoqda.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi jinoiy sheriklarning shaxsini aniqlash va ularni qo‘lga olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Mavzuga oid
08:26 / 25.06.2026
5 kilogrammdan ortiq gashish, marixuana va minglab dori vositalari aniqlandi
09:05 / 17.06.2026
Afg‘onistondan olib kirilgan 37,6 kg giyohvandlik vositalari fosh etildi
17:31 / 12.06.2026
Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi
10:57 / 12.06.2026