Huquq faollari hisobotni tayyorlashda 2023 yil oktyabr oyidan 2025 yil dekabrigacha bo‘lgan davrda fermerlar va ekspertlar bilan o‘tkazilgan o‘nlab intervyular, sud materiallari, qonunchilik hujjatlari, OAVdagi maqolalar, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar va rasmiylarning bayonotlariga tayanganini ma’lum qilgan.

“So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati paxta terimida davlat tomonidan joriy etilgan majburiy mehnatga barham berdi va qishloq xo‘jaligini keng isloh qilishga kirishdi. Hukumat sohadagi bir qator muammolarga yechim topish maqsadida joriy islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan, 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini, shuningdek, yangi qonunlar va qarorlarni qabul qildi.

Salmoqli yutuqlarga erishilgan bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston hukumati paxta va g‘alla yetishtirishda jiddiy va majburlovchi davlat nazoratini amalga oshirishda davom etmoqda, qolaversa, paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlarning mehnat va inson huquqlari hurmat qilinishini ta’minlay olmayapti”, – deyiladi hisobotda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda strategik ekinlarni yetishtirishning hozirgi tizimida fermerlar davlatdan ijaraga olingan yerda davlat bilan kelishilgan turdagi ekinni belgilab qo‘yilgan miqdorlarda yetishtirishi va belgilab qo‘yilgan narxlarda sotishi kerak, bunda ular rejani bajara olish yoki bajarolmasligidan qat’i nazar, shuningdek, rejani bajarish ularga bog‘liq bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, katta moliyaviy xatar ostida qolishadi.

“Fermerlarning mavqeyi juda zaif, ular tahdidga uchrashi, haqoratlanishi va boshqa noqonuniy majburlov choralariga duch kelishi mumkin. Qolaversa, tizim ularning mustaqil faoliyat yuritishiga yoki o‘z ishlash shart-sharoitlarini o‘zlari nazorat qilishiga yo‘l qo‘ymasdan, amalda davlatga bo‘ysunib, xuddi davlatning xodimidek ishlashga majbur qiladi”, – deya qayd etgan huquq himoyachilari.

Dokladda keltirilishicha, xorazmlik fermerlardan biri 2025 yil noyabr oyidagi vaziyatini quyidagicha tasvirlagan: “Biz yer egalari emas, xuddi birovning yollanma ishchilaridekmiz”.

Farg‘ona viloyatidan boshqa bir fermer esa holatni “boshliqlar ko‘p” deya tasvirlagan. “Fermerning ishiga hamma aralashadi. Ichki ishlar ham, prokuratura ham”, degan u.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, hokimiyat organlari rejani bajarmagan fermerlarga tahdid va zo‘ravonlik qo‘llab, yerlarni tortib olishi mumkin. Fermerlar paxta-to‘qimachilik va bug‘doy korxonalari tomonidan to‘lovlarning kechiktirilishi yoki umuman to‘lanmasligiga duch kelmoqda, hokimiyat organlari esa fermerning manfaatida chiqarilgan sud qarorlarining ijrosini ta’minlamayapti. Bu esa fermerlarni og‘ir moliyaviy ahvolga solib qo‘yadi.