Jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi, yaʼni kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik bilan qoʻzgʻatilgan. Bu haqda 26-fevral kuni bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

18-fevral kungi voqea haqida Kun.uz 25-fevral kuni xabar bergan edi. 6 yoshli tarbiyalanuvchi bogʻcha hududida, yer ostiga oʻrnatilgan yuqori kuchlanishli tranformator punktiga tushib ketishi oqibatida jiddiy jarohat olib, tana aʼzolari kuyib ketgan. U ayni paytda shifoxonada qolmoqda.

Bogʻcha qurib foydalanishga topshirilganiga 2 yil boʻlishiga qaramay, inson hayoti uchun xavfli boʻlgan yertoʻla atrofi maxsus toʻsiqlar bilan oʻralmagan. Yertoʻla eshigi esa oddiy sellofan paket bilan yopib qoʻyilgan.

Bogʻcha hududiga yuqori kuchlanishli transformator punktini qurgan korxona rahbari Kun.uz bilan suhbatda TP atrofini oʻrash loyihaga kiritilmagani, lekin yertoʻlani yopish kerak boʻlgani, xodimlar esa eʼtiborsizlik qilganini aytgan.