AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton 27 fevral kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasiga ko‘rsatmaga berish uchun bordi. U marhum moliyachi va sudlangan pedofil Jyeffri Epshteyn bilan aloqalari haqida gapirdi. Uning rafiqasi Hillari Klinton bilan bo‘lgani kabi, qo‘mita yig‘ilishi yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. BBC xabariga ko‘ra, eshituvlar boshlanishi bilan bir vaqtda Klinton ijtimoiy tarmoqda kirish bayonotini e’lon qildi.
«Garchi Epshteyn bilan qisqa muddatli tanishuvimiz uning jinoyatlari ma’lum bo‘lishidan bir necha yil oldin to‘xtagan bo‘lsa-da va bizning cheklangan muloqotimiz davomida aslida sodir bo‘lgan voqealarning hech birini ko‘rmagan bo‘lsam-da, men bu yerga o‘zim bilgan ba’zi narsalarni aytib berish uchun keldim», dedi Bill Klinton.
«Men Epshteyn tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqida hech qanday tasavvurga ega emasdim. <...> Men nimani ko‘rganimni bilaman, eng muhimi - nimani ko‘rmaganimni. Men nima qilganimni bilaman, undan ham muhimi - nima qilmaganimni. Men hech narsani ko‘rmadim va hech qanday yomon ish qilmadim», deb qo‘shimcha qildi Klinton.
Klinton, shuningdek, rafiqasi Hillarining Epshteyn bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini va hatto u bilan uchrashgan-uchrashmaganini ham eslay olmasligini ta’kidladi.

AQSh sobiq prezidenti 1983 yildan beri birinchi marta Kongress qo‘mitasi oldida ko‘rsatma berdi (o‘sha paytda buni Jyerald Ford qilgan).
«Klintonlar bu yerga kelishi uchun yetti oy kerak bo‘ldi. Ammo ular shu yerda va biz ularga ko‘plab savollar berishni intiqlik bilan kutmoqdamiz», dedi Nazorat qo‘mitasi raisi, respublikachi Jyeyms Komer.
Ammo qo‘mita a’zosi, demokrat Suxas Subramanyam bunga e’tiroz bildirdi: «Rostini aytaylik, biz boshqa prezident bilan gaplashyapmiz».
Bill Klintonning rafiqasi Xillari bir kun avval, 26 fevral kuni Kongressda ko‘rsatma berdi. U kirish so‘zida qo‘mitani shaffoflik yo‘qligi uchun tanqid qildi, uni noxolislikda aybladi, shuningdek, Donald Trampni ko‘rsatma berish uchun chaqirishni talab qildi.
Bill va Hillari Klinton uzoq vaqt davomida Kongressda Epshteyn ishi bo‘yicha ko‘rsatma berishdan bosh tortib, jarayonni siyosiy deb atab kelgan. Biroq, Kongressga hurmatsizlik uchun javobgarlikka tortilish tahdididan so‘ng, ular qo‘mita oldida nutq so‘zlashga rozi bo‘ldi.









